JAR YOQASIDAGI DAVLAT

O’rta Osiyodagi jumhuriyatlar o’z mustaqilliklarining ilk yillarida — ulardagi rejim avtoritar bo’lsa ham — G’arb tarafidan qo’llab-quvvatlandi. Buni G’arbning yangi jo’g’rofiy-siyosiy ma’nodagi strategiyasi taqazo etardi. Inson haqlari va demokratiya G’arbning kun tartibida emasdi. Bu mavzu jamoatchilik saviyasida munoqasha qilingan bo’lsa-da, rasmiy maqomlarda tilga olinmadi. Vaholanki, inson haqlari va demokratiyani shart qo’shgan xalqaro hujjatlar o’sha avtoritar davlatlar tarafidan imzolanib ulgurilgandi. Masalaning dolzarb emasligi avtoritarizm ishqibozlarini jur’atlantirdi va O’rta Osiyoda birin-ketin demokratiyaga nafratini yashirmaydigan diktatorlar paydo bo’la boshladi.

Mustaqil O’zbekiston rahbari demokratyadan nafratlanganlar ichida eng samimiysi edi. U 1992 yil yanvar oyida namoyishga chiqqan talabalarni o’qqa tutib, o’lkada ozmi-ko’pmi bo’y ko’rsatgan demokratlashuv harakatiga nuqta qo’ydi. Muxolif partiyalar ta’qiqlandi, ularning nashrlari yopib tashlandi. Muxolifat a’zolari soxta ayblovlar bilan qamoqa olina boshladi.

Davlat terrori yil sayin kengaydi. Endi u faqat muxolifat emas, jamiyatning boshqa tabaqalarini ham qamray boshladi. Odamlar mamlakatdan qochishda najot topdi. Yuzlab, minglab insonlar Rusiyaga, Qirg’izistonga, Qozog’istonga va hatto urush ketayotgan Tojikistonga qocha boshladilar.

Ular mintaqamiz uchun yangi tip qochoqlar edi. Ular tabiiy ofat yoki urushdan emas, o’z davlatining terroridan qochayotgan qochoqlar edi.

O’zbekiston rahbarining, tashqaridan qaraganda, mantiqli bir ro’kachi bor edi. Bu ro’kach istiqror edi. Istiqrorni asrash bahonasi ostida, u muxolifatga qarshi muvaffaqiyatli kurash olib bordi. U yetti yil davomida bir narsani takrorladi: “agar xalqqa ozodlik bersam, bu yerda ham Tojikistondagiday urush bo’ladi”, dedi tinmasdan. Ammo u “agar xalqqa ozodlik bersam, Qirg’izistondagiday bo’ladi”, demadi. Chunki, ozodlik berilishiga qaramay, Qirg’izistonda urush yo’q edi. Odamlar mitingga chiqqaniga qaramay, barqarorlik, istiqror buzilmagandi bu yerda.

O’zbekiston rahbarining istiqror fanatizmi milliy xavfsizlik bo’limlarini ikki misli ko’paytirib, mirshablar lashkarini uch barovar oshishiga olib keldi. Bunga qo’shimcha o’laroq, butun o’lkani qoplaydigan ayg’oqchi va provakatorlar to’ri tashkil qilindi.

Shu taxlit xaritada eski sho’rolar davlatining kichik odeli paydo bo’ldi. Uning qiyofasidagi chizgilar o’z prototipini aynan takrorlar edi. Bu mudhish “paydo bo’lish”ni hech kim sezmadi yoki “sezish”ni istamadi. Bu o’lkada bittasining iqtisodiy manfaati, ikkinchisining siyosiy manfaati bor edi…

G’arb davlatlari (AQSh) demokratiya talabi bilan O’rta Osiyo davlatlarini cho’chitib yuborishni istamadi. Ovro’osiyodagi strategik sheriklaridan ajralib qolishdan andisha qildi. Qolaversa, mavjud siysoy konyuktura (Tojikiston, Chechenistondagi urushlar va hakozo) ham O’rta Osiyodagi bu lanj va sokin ko’ringan totalitarzm jarayonini orqa planga surib, diktatorlar joniga aro kirgizib turdi. O’zbek yurtboshisi bu shovqin-suron soyasida dunyo jamoatchiligi ko’zi oldida, ammo uni hech “bezovta qilmay”, o’zining terror siyosatini davom ettiraveradi.

Bugun har qanday o’lchov ve mezonni oshgan bu siyosat davlatni ham, o’zini ham jar yoqasiga olib kelib qo’ydi. O’lka -hech mubolag’asiz — ijtimoiy portlash bo’sog’asida turibdi. Sotsial guruhlar sur’atli ravishda radikallashayapti. Uzoq yillar davom etgan tazyiq-ta’qib siysoiy guruhlarni ham radikalizm sari yetaklamoqda. Masalaning demokratik tarzda yechilishiga ishonuvchilar soni tobora kamayib, rejimga faqat kuch bilan qarshi kurashish mumkinligiga inonganlar soni ortmoqda.

Toshkentda yuz bergan fevral portlashlari bahonasida rejim xalqqa qarshi terrorni o’z karra kuchaytiradi. Lekin xalqning rejimga bo’lgan nafrati ham shuncha ortganiga hech shubha yo’q. Portlash munosabati bilan boshlangan bu dahshatli qatog’on xalqni rejim bilan murosa qilish imkoniyatidan mahrum qildi. Agar voqealar o’z tadrijiga qo’yib berilsa, ko’p o’tmay, bu istiqrorli totalitar davlat fuqarolar urushi o’chog’iga aylanishi mumkin. Chunki, ortiq odamlarning yo’qotadigan biror narsasi qolmadi. Na ozodligi, na haq-huquqlari, na xavfsizligi, na ishi, na mulki va na da kelajakka umid bor ularda. Bor-budlarini yo’qotgan bunday jamiyat, o’zini asrab qolish refleksi o’laroq, urushdan boshqa narsaga mayl ko’rsatmaydi.

Dunyo jamoatchiligi, G’arb davlatlari, AQSh va shimoldagi qo’shnimiz Rusiya O’rta Osiyo mintaqasidagi totaltarzm revanshi va paydo bo’lgan fuqarolar urushi tahlikasidan bir xilda ma’suldirlar. Chunki, ular yillar davomida bu jarayonni ko’rib-ko’rmaslikka oldi, turli bahonalar bilan xaspo’shladilar. Endi ular, hammasi bir bo’lib, mintaqadagi vaziyatni yumshatish choralarini ko’rmog’i lozim. Birinchi tadbir O’zbekistondagi xalqqa qarshi zo’ravonlik eskolatsiyasini zudlik bilan to’xtatish bo’lmog’i kerak. Zo’ravonlik — hatto o’z xalqiga qarshi qilinayotgan bo’lsa ham — bir davlatning ichki ishi bo’lolmaydi.

Biz O’zbekiston muxolifati vakillari dunyo jamoatchiligi va demokratik davlatlar rahbarlariga bir necha marta murojaat qilib, O’zbekistonda demokratiyani qutqarishga chorlagandik. Bugun biz ularni o’lkadagi demokratiyani emas, fuqarolar urushi yoqasida turgan o’lkaning o’zini qutqazishga chaqirmoqdamiz. Umid qilamiz-ki, sasimizni eshitishar.

(14.06.1999)

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *