Qop-qora yolg’on

16 fevralda Toshkentda yuz bergan portlashlarga “ERK” Partiyasining munosabatini biz e’lon qilgan edik. Hatto o’z xalqiga terror o’tkazayotgan davlatga qarshi ham terror bilan javob berishni oqlash mumkin emasligini aytgandik. “ERK” Partiyasiningn ham, mening ham, Obidxon qorining yoki uning qarindoshlarining ham, qamoqqa olingan yozuvchi Mamadali Mahmud va mening ykam Rashid Bekjonlarning ham bu portlashlarga hech qanday aloqasi yo’qligini O’zbekiston hukumati yaxshi biladi. Biladi-yu, fursatni boy berishni istamaydi. O’z muxoliflarini ayblash uchun bundan ham qulayroq fursat qachon keladi yana? Va shu qora niyat bilan o’ziga salgina muxolif bo’gan kim bo’lsa, hammasini yoppasiga, hech bir isbotsiz, dalilsiz va hujjatsiz jinoyatchiga chiqardi.

28 fevralda “Xalq so’zi” gazetasida bosilgan “Ogohlikka da’vat” maqolasi hukumatning hali ham portlashni uyushtirganlarni topa olmaganini ko’rsatmoqda. Bu ojizlikning butun alamini hukumat siyosiy muxolifatdan va begunoh insonlardan olishga boshladi.

“Ogohlikka da’vat” maqolasiga kelsak, shu qadar tuturiqsiz iddaolar qiladi-ki, birinchi qarashda portlashni uyushtirganlarni hukumat topgisi kelmayapti, yoki buni o’zi uyushtirgan degan fikr tug’iladi. Lekin chuqurroq o’ylab ko’rilsa, maqolani maqsadsiz yozilgan deb bo’lmaydi. Maqolaning maqsadi 16 fevralda halok bo’lgan begunoh odamlar haqida qayg’urish yoki portlash sababchilarini fosh qilish emas, balki yaqinlashib kelayotgan Parlament saylovlarini rejim uchun maksimal darajada qulay qilish, uning muhtamal raqiblarini passivlashtirish, eng yaxshisi ularni saylovdan umuman chetlashtirish. Buning sinalgan yo’li bor. Buni amalga oshirish uchun muxolifatni qonun tashqarisidagi kuch, uni mashru (legitm) bo’lmagan tashkilot sifatida ko’rsatish kerak. Uni “terrorist” qilib ko’rsatish eng effektiv yo’l, bu usul 1994 yilgi saylovlarda qo’llanildi va rejim o’zini qo’g’irchoq Parlamentini tuzib oldi. “Nima qilib bo’lsa ham, muxolifatni saylovda qatnashtirmaslik kerak, nariyog’i oson”. Hukumat shunday deb o’ylaydi va bu o’ylarini amalga oshirish uchun u butun O’zbekiston bo’ylab harakatga kechdi. “Ogohlikka da’vat” maqolasi chiqqanidan keyin, maqola Prezidentning shaxsan buyrug’i bilan butun jumhuriyat bo’ylab muhokama qilina boshladi. Prezidentning buyrug’i bilan g’azabga kelgan qariyalar, xotin-qiz va yosh-yalang siyosiy muxolifatga va islom fundamentalistlariga la’nat yog’dirmoqda. Balki, biz bu odamlarni nohaq ayblayotgandirmiz, deb hech kim o’ylamaydi. Balki, hukumat propagandasi bizni yana aldayotgandir, deb hech kim mushohada qilmaydi. Bu odamlar Sovet davrida o’zlari otini ham eshitib ko’rmagan yozuvchi va olimlar (masalan, mashhur rus yozuvchisi A. Soljenisin va mashhur olim A. Saxarov kabilar)ga hukumat buyrug’i bilan qanday la’nat yog’dirishgan bo’lsa, bugun bizga qarshi xuddi o’shanday la’nat yog’dirmoqdalar. Bu jazava pardasi orqasida nima bor, hukumat nega birdan talvasaga tushib qoldi?

Ma’lumki, O’rta Osiyoda va uning markazi sanalgan O’zbekistonda ozmi-ko’pmi manfaati bo’lgan G’arb davlatlari bu o’lkadagi voqealarni diqqat bilan kuzatmoqdalar. Ishoning, G’arbda ham xuddi biz kabi O’zbekistondagi bu tarang ijtimoiy-siyosiy vaziyatni qanday qilib yumshatish, bu mustabid boshqaruvni qanday qilib demokratik chizg’iga yaqinlashtirish mumkinligi haqida bosh qotirayotgan insonlar bor. Albatta, O’zbekistondagi rejim laganbardorlari meni “g’arbdan umid qilayapti” deya ayblashlari mumkin. Ammo ular shuni bilishlari kerak-ki, G’arb davlatlari o’zi bilan aloqa qilayotgan o’lkalarning ham iloji boricha o’zi kabi demokratik bo’lishini istaydi. Buni biz o’zbeklar uchun emas, o’zlari uchun istaydilar. Chunki, faqat demokratik o’lkadagina erkin axborot olish, erkin bordi-keldi qilish mumkin. Va shunday o’lkadagina istiqrorli siyosat, demak istiqrorli iqtisod bo’lishi mumkin. Shunday istiqrorli iqtisodga sohib o’lkagina o’z sarmoyachilariga kafolat bersa, sarmoyachilar bu kafolatga ishonishlari mumkin. Faqat shunday o’lka bilan hamkorlik qilish xavfsiz va foydali ular uchun.

Shu bois yil oxirida o’tishi kerak bo’lgan Parlament saylovlari faqat O’zbekiston hukumati va O’zbekiston muxolifatini emas, balki bu o’lkada manfaati bor boshqa davlatlarni ham o’ylantirayotgani tabiiy bir holdir. Masalan, fevral oyining boshida Amerikaning Milliy Demokratiya Instituti vakillari o’zbek muxolifati bilan uchrashib bo’lajak saylovlar haqida fikr almashdilar. Fevral oyining o’rtasida O’zbekiston muxolifati Ovrupo Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti mas’ullari bilan uchrashdi. Bu uchrashuvning mavzusi ham kelayotgan Parlament saylovlari bo’ldi. Qizig’i shunda-ki, bu uchrashuvda muxolifat vakillari hukumatning bu safar ham saylovni muxolifatsiz o’tkazish uchun harakat qilayotganini aytgandi. Aynan shunday bo’layapti. “Xalq so’zi”da bosilgan “Ogohlikka da’vat” maqolasi, G’arb davlatlarining muxolifatni saylovlarga qatnashtirish to’g’risidagi keladigan takliflarini rad qilish uchun shosha-pisha, talvasa ichida hozirlanayotgan tashviqot debochasidir.

Maqolaning yozilish mahorati uning maqsadiga loyiq emas. Maqsad qanchalik siyosiy va rejim uchun qanchalik muhim bo’lmasin, maqola o’z muallifining fikrlash miqyosi torligidan, primitiv saviyada qolib ketgan. Prezident Karimovni ko’klarga ko’tarib, uning raqibini ko’cha so’zlari bilan haqorat qilish na muallifga, na Prezidentga obro’ keltiradi. Va eng muhimi, yolg’on so’zni qanday ohangda aytsang ayt, uning yolg’onligi bilinib turaveradi. Yolg’onni nimaga o’rasang o’ra, u xuddi qora siyoh kabi o’rtaga chiqaveradi. “Ogohlikka da’vat” maqolasi shunday qopqora yolg’ondir.

Yolg’on maqola muallifning ismidan boshlanadi. Asadullo Haqnazar degan bir jurnalist yo’q. Bu bir yolg’on, uning orqasida o’z tuhmatlari uchun bir kun javob berishdan qo’rqib qaltirayotgan bir sho’rlik turibdi. Bu odam meni qo’rqoqlikda ayblaydi. Men hech qachon “jasurman” deb ko’gragimga urganim yo’q. Ammo, Ollohga shukurlar bo’lsin-ki, u menga vatanda ham, vatan tashqarisida ham zolimga, “zolimsan”, deb aytishni nasib qildi. Yana Unga shukrlar bo’lsin-ki, u meni so’zimni aytmoq uchun ismimni yashirish darajasiga tushishdan qutqardi.

Kaminaga niqob kiygan mualliflarning xurujlari yangilik emas. O’tgan yil “Narzullo Qosimov” degan niqob ostida chiqqan bir shaxs “Mustaqillik kurashlar davri” deb atalgan kitob yozib, unda xuddi Asadullo uslubida menga haqoratlar yog’dirgandi. Aytishlaricha, bu niqob o’z xizmatlari uchun Prezident saroyiga ishga olinganmish. Balki “Asadullo” o’sha “Narzullo”dir, balki u emasdir, men hozir buni o’ylayotganim yo’q. Men zulmning tabiati, zulmning anotomiyasi haqida o’ylayapman. Uning shu qadar primitiv, kaltabin zehniyatlarga tayangan holda shu qadar kuchli bo’lishi mumkinligining siri nimada ekanligini o’ylayapman. Bunda mutlaqo Olohning hikmati, mantig’i bor. Zulm, albatta, kaltabin zehniyatlarga tayanadi va albatta, primitiv aqllardangina oziqlanadi. Chunki, yuksak aql zulmni qabul qila olmaydi, toza zehniyat Ollohdan qo’rqadi va har qanday zulmdan hazar qiladi. Tabiiy-ki, “Ogohlikka da’vat” maqolasini yozgan va yozdirganlarning tashvishi bu emas. Ularning bitta tashvishi bor: zulmni mashru qilish, uni qonuniy qilish. Bu yo’lda har qanday yolg’onni to’qishga tayyorlar. “Ogohlikka da’vat” maqolasi meni o’sha portlashlarga aloqador ko’rsatar ekan, birorta dalil, birorta isbot keltirmaydi, faqat “hali vaqti keladi hamma kirdikorlarini fosh qilamiz”, deydi. Unga “Hay jonivor, axir o’sha vaqt kelsin va uning kirdikorlarini fosh qil, keyin aybla”, deydigan bir mard ham yo’q.

Nima emish, Muhammad Solih besh vaqt nomoz qilarmish. Men niqobboydan so’ramoqchiman, nomozni necha vaqt qilsa sizning qonunlarga to’g’ri keladi? Necha vaqt nomoz qilsa odamlarga tuhmat qilishdan to’xtaysizlar? Necha vaqt nomoz qilsa dindorlarga azob berishni bas qilasizlar. Albatta, odamlar bir vaqt ham nomoz qilmasa siz uchun yaxshi bo’lardi. Ular nomoz o’rniga yurtboshining kitobini o’qib o’tirsa ko’nglingiz joyiga tushgan bo’lardi. Ular Yaratganga emas, yurtboshiga sajda qilsa, yana ham xursand bo’lgan bo’lardingiz. Lekin unday bo’lmaydi, sizlar qilayotgan zulm qanchalik kuchli bo’lmasin, insonlar o’z e’tiqotidan voz kechmaydilar. Ular sizning soxta konstitutsiyangizga qarab emas, Yaratganning irodasiga qarab turmada bo’lsa turmada, surgunda bo’lsa surgunda o’zining besh vaqt nomozini qilaveradilar.

Niqobboy yana Muhammad Solih uch marta uylangan deb yozadi. Men ikki marta uylanganman va buni kitobimda ochiq yozganman, hech qachon yashirmaganman. Birinchi oilam va farzandlarim bilan oramizda hech qachon ixtilof bo’lmagan. Xo’sh, buning va mening nomoz qilishimning 16 fevraldagi portlashlarga nima aloqasi bor?

Umuman, birovning shaxsiy hayotini kovlashtirish qaysi axloqqa to’g’ri keladi?

Niqobboy yana aytadiki, Muhammad Solih nomoz qilib gunohlarini yuvishga intilayaptimi? deya xitob qiladi. Albatta, gunohlarimni yuvishga intilayapman. Va siz ham shunga intiling, niqobboy oshna. Chunki, siz ham bir gunohkor qulsiz. Birovga tuhmat qilish gunohlarning eng yomonidir. Siz menga tuhmat qilmoqdasiz. Siz bu tuhmatni buyruq bilan qilayapsiz, ammo bu sizdan ma’suliyatni soqit qilmaydi. Ollohga yamin qilaman, mening qo’lim qonga botgani yo’q, qonga sizning xomiylaringizning qo’llari botgandir. O’zbekistonda dom-daraksiz yo’qolib ketayotgan va qamoqxonalarda urib o’ldirilayotgan insonlar son-sanoqsizdir. Ular uchun sizning xomiylaringiz javob berajak. Mening va mening qarindoshlarim haqida uydirayotgan iftiro va tuhmatlar mening millatimga o’tkazilayotgan zulm oldida hechdir. Siz menga yo’naltirgan har bir haqorat va har bir tuhmat ichun javob berib o’tirishni o’zimga ep ko’rmadim. Sizlarni Ollohga havola qildim. Faqat so’zimni bir eski she’r bilan bitirmoqchiman, ma’zur tutasizlar.

Bir yonda ojizu bir yonda kuchli,

Kurash boshlanarkan tarafma-taraf.

Ojizning yonini olganing uchun,

“Xoin” deb nom olmoq naqadar sharaf!

Na sharaf, o’z xalqin qul etgan podshoh

“Ashaddiy dushman”deb seni atasa,

Jazavaga tushsa noming eshitgan chog’

Kitobingni yoqsa, yirtsa, toptasa.

Naqadar sharafdir zulmga zulm desang,

Sinsa ham boshingda har kuni to’qmoq.

Shaytondan qo’rqmaslik naqadar go’zal,

Na go’zal, faqat bir Ollohdan qo’rqmoq!

(1999)

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *