ANGLIYADA SAYLOV

(ВВС radiosi savollariga javob)
Birinchidan: Angliyadagi Ishchi partiyasi va Konservatorlar partiyasini aslo ”ERK” Partiyasi va eski kommunistlar partiyasi bo’lgan O’zbekiston Xalq demokratik partiyasi bilan tenglashtirib bo’lmaydi.

”ERK” Partiyasi o’z tabiati bilan konservatorlarning partiyasiga, ya’ni siyosiy spektorning sog’ (o’ng) qanotidagi partiyaga yaqindir. Leyboristlar (ishchilar) partiyasi esa, o’zining sotsial programmasi bilan, balki, sotsial demokratlarga yaqin. Ammo G’arb sotsial demokratlari bizning sotsialistlardan mutlaqo farqlidir.

Qisqasi, ”ERK” Partiyasi o’zining iqtisod va siyosatga qarashlari bilan G’arb standartlariga yaqinlashsa ham, O’zbekistonda hokimiyatdagi XDP bu standartdan juda yiroqdir.

Ikkinchidan: Angliyadagi bu saylov kampaniyasining bir g’aroyibligi bor. Sotsial demokrat g’oyaga sohib leyboristlar ham, liberal g’oyali konservatorlar ham bu saylovda o’rta sinfning ko’nglini olishga intilmoqda. O’rta sinf demak, bizdagi eski sovet termini bilan aytsak, mayda burjua demakdir. O’rta sinf demak — o’z maoshi o’ziga yetadigan, moddiy tarafdan davlatga qaram bo’lmagan sinf odamlari. Bular o’rta o’lchovli shirkatlar sohiblari, kosiblar, tujjor va hokazolar. Ular davlatdan sotsial yordam kutmaydigan, o’zini o’zi idora qilaoladigan odamlar sinfi. Bu moddiy mustaqil odamlar hur fikrning ma’nosi bo’lgan jamoatdir. Davlatga qaram bo’lmagani uchun ham uni o’z talablari bilan nazorat qilaoladilar. Bu sinfni davlat ekspluatatsiya qilolmaydi. Ijtimoiy tarafdan ham, iqtisodiy tarafdan ham, siyosiy tarafdan ham bu sinfni suiste’mol qilolmaydi. Shuning uchun ham bu o’rta sinfni demokratiyaning tamali deyish mumkin. Demokratiya moddiy mustaqil bo’lgan sinf tarafidangina himoya qilinishi mumkin.

Angliyada bir-biridan farqli ikki partiyaning bitta sinf, — o’rta sinfga murojaat qilishidagi hikmat, — demokratiyani mustahkamlashdan iboratdir. Demak, o’rta sinf ovozini olish butun xalqning ovozini olishdir. Sillogizmni davom ettirsak, Angliyada xalqning aksariyati demokratiya tarafdoridir.

Bu saylovdan O’zbekistonga saboq bo’ladigan muhim bir narsa chiqayapti. Demokratiya bo’lishi uchun o’rta sinf tashkil qilinishi kerak. Uni tashkil qilish uchun iqtisodiy siyosatda o’rta va kichik korxonalarni qo’llash kerak. Ularni rag’batlantirish kerak, davlat krediti birinchi navbatda bu korxonalarga berilishi lozim. Biz bu gapni endi aytayotganimiz yo’q. Bu gapni biz roppa-rosa 7 yildan beri, ya’ni, ”ERK” Partiyasi tuzilgandan beri gapirayapmiz. Bugungi Angliyada o’tayotgan saylovlar O’zbekiston demokratlarining maqsad va g’oyalarining naqadar to’g’ri istiqomatda ekanligini ko’rsatmoqda.

So’nggi so’zim shu-ki, bir kuni bizda ham G’arbdagi kabi hur saylovlar bo’ladi, inshoOlloh. O’shanda sizning savollaringizga beradigan javobimiz ham bugungidan shirinroq bo’lajakdir.

(29.04.1997)

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *