BUGUN O’ZBEKISTONDA NIMA QILISH KERAK?

(“Ozodlik” radiosi muxbiri savollariga javob)
Muxbir: O’zini O’zbekiston hukumatiga nisbatan konstruktiv muxolifat tashkiloti deb e’lon qilgan ”ERK” demokratik partiyasi va Sizning O’zbekistondagi mavjud ahvol xususidagi tanqidiy mulohazalaringiz tinglovchilarga ma’lum. Ammo “konstruktiv muxolifat” sifatida ”ERK” Partiyasi va uning lideri, y’niy, Siz, 1997 yilda O’zbekistonda mavjud vaziyatni yaxshilash borasida qanday ishlarni amalga oshirish kerak, deb hisoblaysiz?

Agar mumkin bo’lsa, siyosiy, iqtisodiy-ijtimoiy, ma’naviy va xavsizlik sohasida qilinishi kerak deb o’ylaganingiz ishlarga qisqa, ammo alohida to’xtalsangiz.

Muhammad Solih: Agar O’zbekiston hukumati o’zining so’nggi bayonotlarida bildirgandek, 97 — yilni o’zgarish yili qilmoqchi bo’lsa, bizning fikrimizcha, birinchi navbatta shu ishlarni amalga oshirishi kerak bo’ladi:

Ichki siyosatda:

1 — modda. 1992 yildan beri ta’qiqlanib kelayotgan siyosiy partiya va tashkilotlarni rasman tan olish, ularga konstitutsion huquqlarini qaytarib berib, faoliyatlariga qoyilgan to’siqlarni bartaraf qilish, surgundagi siyosiy muxolifat vakillari va din arboblarini mamlakatga qaytarish, ularning poymol qilingan huquqlarini tiklash, keyingi 4 yil ichida siyosiy va ideologik sabablar bilan qamoqqa tashlangan siyosat va din odamlarini ozod qilish va ularning butun fuqarolik huquqlarini tiklash;

2 — modda. Senzurani ta’qiqlash, so’z va matbuot erkinligini amalga oshirish. Mustaqil gazeta, jurnal ta’sis etish va chop qilish huquqi, mustaqil televizion kanal va radio qurish huquqi berilishi lozim. Bugungi mavjud gazeta va jurnallarning hammasi davlatninkidir, ularning hammasi davlat dotatsiyasi bilan yashayapti. Bu gazetalarning bittasini “Rasmiy gazeta” deb atash mumkin va bu gazeta hukumat organi bo’lib, uning ijro faoliyatini yoritishi, uning qarornomalarini e’lon qiladigan minbar bo’lishi mumkin. Ikkinchi bir gazetani Oliy majlis organi sifatida qoldirish mumkin. Bu gazeta qonun chiqaruvchi hokimiyat faoliyatini yoritgan bo’lardi. Qolgan butun gazetalar xususiylashtirishi, ya’niy, fuqaro yoki tashkilotlarga sotilishi lozim. Bugungi qo’g’irchoq partiyalar chiqarayotgan hech bir gazetaga davlat yordam bermasligi kerak. Bu nashrlar partiyaning o’z mablag’i hisobiga chiqarilishi lozim. Matbuot ustidan yakkahokimlik qilayotgan Goskomizdat degan parazit tashkilotni butunlay bekor qilish kerak.

3 — modda. O’lkada demokratik institutlarning yaratilishi uchun so’zda emas, amalda imkon yaratish. Ya’niy, butun jamoat tashkilotlari siyosiy partiyalar, jamiyatlar, klub va to’garaklar, vaqflar, profsoyuzlar, qisqasi, davlat tashkiloti sanalmagan barcha qurilishlarni konstitutsion huquqlar bilan ta’minlash kerak. Ularning erkin faoliyatini qonun vositasi bilan mustahkam kafolatlash lozim. Shunday kafolatlansinki, ularning ishiga hukumat hech bir bahona bilan aralasha olmasin. Shu ma’noda, bugungi mavjud profsoyuz tashkilotini tarqatib yuborish va uning bazasida erkin ishchi sindikatlari tuzish kerak.

4 — modda. Sud va tergov muassasalarini davlat nazoratidan ozod qilish va ularning erkinligini qonun asosida va amalda kafolatlash. Bu tadbir olinmas ekan, fuqarolarning hafaqat shaxsiy hayotida, balki, ijtimoiy, siyosiy va hatto iqtisodiy hayotida ham hech qachon adolat qaror topmaydi.

5 — modda. Sovet pasport sistemasini bekor qilish lozim, fuqarolarning chet ellarga chiqishi va chet eldan mamlakatga kirishi qonun qoidalarini qulaylashtirish, bu sohaga milliy xavffsizlik qo’mitasining aralashuviga chek qo’yish va hakozo. Bu hammasi o’lkamizda qilinishi kerak bo’lgan siyosiy o’zgarishlar, tuzum islohotining boshlang’ichi va eng zarur nuqtalaridir.

Iqtisodiy sohada zudlik bilan olinadigan tadbirlar:

Modda 1. Davlat o’zining bozor ustidan nazoratidan zudlik bilan voz kechish kerak. Bozorni so’zda emas, amalda liberallashtirish kerak. Tovarning mamlakatga erkin kirib, erkin chiqishni ta’minlash zarur.

Modda 2. Valyutaning konvertatsiyasini bir soniya ham to’xtatmaslik lozim. Sizga ma‘lum, bugun O’zbekistonda konvertatsiya to’xtatilgani sababli juda ko’p chet el shirkatlari o’lkamizni tark etmoqda.

Modda 3. O’lkamizda chet ellik ish odamlari taklif qilayotgan katta — kichik butun sarmoya loyihalari ochiq muhokama qilinichi lozim va bu sohani bir hovuch poraxo’r wa mafioz kimsalardan qutqarish kerak.

Modda 4. O’zbekiston iqtisodi faqat xom-ashyo hisobiga yashaydigan chalajon bir iqtisod rolidan chiqishi kerak. Bizning faxrimiz sanalgan paxtamiz ham, oltin va boshqa qimmatbaho qazilma boyliklarimiz hammasi xom-ashyodir va ularning bizning iqtisodimizga transformatsiyasi doim mustamlakachilar tomonidan amalga oshirilgan. Bugun siyosiy mustaqillika erishdik, ammo vaziyt o`zgarmadi. Nega? Chunki, paxta yoki boshqa boyliklarimiz bugun ham xom-oashyo sifatida sotilmoqda, chunki, bunday sotishdan o`n-o`n besh vazir, o`n-o`n besh hokim, o`n-o`n besh mafioz foyda ko`rmoqda, millionlab dollarni shveytsar banklariga qo`ymoqda xalq esa, sovet davridagidan besh battar ahvolda zabunlik va yo’qsillik ichida azob chekmoqda. Xalqni bu safolatdan, iqtisodni bo`hrondan chiqarmoqchi bo’lsak, xom-ashyo sotishdan voz kechib, hayallamay tayyor mahsulot ishlab chiqarishning tamallarini qo`yishimiz lozim. Buninig uchun iqtisodimizning og’ir sanoat va paxta monokulturasi tomon yo’nalgan orientatsiyasini o’zgartirib, uni kichik va o’rta hajmdagi zavod va fabrikalarning qurilishi tomonga burish lozim. Bu kichik va o’rta sanoat korxonalari shahardagi kabi, qishloqlarda ham keng miqyosda qurila boshlashi lozim. Bu zavod va fabrika sohiblariga ilk bosqichda davlat moddiy yordam ko’rsatisht kerak. Ular oyoqqa turib olguncga qadar soliqdan ozod qilinishi va hakozo imtiyozlarga ega bo’lishi lozim.

O`zbekistonda xalq bugun ikki sinfga ajralgandir: ishchi — dehqon va intilligentsiya sinfiga emas, qashshoqlar va boylar sinfiga. Qashshoqlar aholi nufuzining 95 foyizini tashkil qilsa, boylar 5 foyizini tashkil qiladi. O`rta hollar sinfi yoq, o’rta sinf yo’q. Bu ijtimoiy adolatsizlik mavjud istiqrorni muvozanatsiz bir holatga olib keladi va jamiyat doim portlashga hozir bochkaning ustida o`tirgandek yashaydi. Muvozanat — yo`qsillar va boylar o`rtasidagi bo`shlik to`lgandagina vujudga kelishi mumkun. Bu bo`shlikni faqat o`rta hollar sinfi to`ldira oladi. Biz yqorida zikr etgan iqtisod orientatsiyasi, o`rta va kichik korxonalari sohiblarini yetishtiradi. Bu yetishgan o`rtahol insonlar biz qurishni orzu etayotgan demokratik jamiyatning tamali bo`lajakdir, O`rta hollar, siyosiy termin bilan aytsak, o’rta sinf. Bu sinfning kichik fabrikasi yoki do’koni bor, u davlatga faqat soliq to’laydi, qolgan butun daromadi xususiy boyligidir. Bu sinf odamni saylovda sotib olish mumkin emas, bu odamga hech kim “Menga ovoz bermasang, ishdan haydaymiz”, ham deya olmaydi, chunki, ish sohibi uning o’zi. Bu odam moddiy jihatdan davlatga qaram bo’lmagani kabi, alohida shaxsga ham qaram bo’lmagan kishidair. Bu kishi biz ko’rishni orzu qilayotgan hur kishini ibtidosidir. Demak, bu kishi demokratik jamyatning markaziy unsuridir, demokratik ta’minoti va kafolatidir.

Muxbir: Avvalgi yillardagidan farqli o’laroq, 1996 yilning ikkinchi yarmidan boshlab, O’zbekiston hukumati respublikada unga qadar muxolifat va G’arb kuzatuvchilari ta’kidlab kelgan muammolar mavcudligini ochiq tan oldi. Va endilikda O’zbekiston rahbariyati demokratik islohotlarni jadallashtirish, erkin matbuot yratish va uni rag’batlantirish, inson huquqlarini himoya qilish va boshqa shu kabi fundamental o’zgarishlarni amalga oshirish borasida qarori qat’iy ekanini ta’kidlamoqda. Shu paytga qadar O’zbekistondagi tinchlik va barqarorlikni ta’minlash maqsadida orqaga surilgan bu islohatlar, bugun ayni shu maqsadda oldingi planga o’tmoqda. Ana shunday yangi sharoitda, ya’ni muxolifat va O’zbekiston hukumati o’z oldilariga qo’ygan maqsad va vazifalar kesishgan nuqtada, ularning o’zaro murosaga kelishlari va ushbu mushtarak maqsad yo’lida konstruktiv muloqot, hamda hamkorlik qilishlariga umid bormi?

Muhammad Solih: Sizning savolingiz juda go’zal savol, to’g’rirog’i, unda bayon qilinayotgan ishlar juda ajaoyib ishlar. Agar haqiqatan ham O’zbekistonda demokratik islohotlar oldingi planga o’tgan bo’lsa, O’zbekiston rahbariyati inson huquqlarini himoya qilish kabi fundamental o’zgarishlarni amalga oshirish uchun qat’iy qaror qilgan bo’lsa, bundan ham quvonchliroq narsa bo’lishi mumkinmi? Lekin bu ishlarning boshlanganini bildiradigan birorta belgi, birorta dalil bormi? Boshlanmasa ham, boshlanmoqchi deya umid beruvchi biror harakat bormi, Siz bu harakatni sezayapsizmi? Agar sezgan bo’lsangiz, darrov menga o’xshaganlarga ko’rsating, toki birga quvonaylik, do’ppimizni birga osmonga otaylik.

Ha, agar bu harakatni ko’rsak, agar jamiyatimizning bu halokat nuqtasidan bir qadam nariroq siljiyotganini ko’rsaydik, biz, muxolifat vakillari, buni birinchilardan bo’lib tan olgan bo’lar va hukumat siyosatini qo’llagan bo’lardik. Chunki tinchlik va istiqrorni faqat hukumat emas, biz ham istaymiz. Chunki millatimizga faqat hukumat emas, biz ham yomonni ravo ko’rmaymiz.

Siz, mana, O’zbekiston hukumati 1996 yildan boshlab o’lkadagi mavjud siyosiy muammolarni ochiq tan oldi, dedingiz. Xo’p, tan oldi ham deylik, ammo bu muammolarni yechish uchun u konkret nima ish qildi?

Besh-oltita siyosiy mahbusni ozod qildi, deyishingiz mumkin, lekin bu mahbuslar O’zbekiston prezidentining Amerika safari arafasida ataylab, xo’ja-ko’rsinga ozod qilindi va bu ozodlikka chiqqan mahbuslarning hech biri hanuzgacha haqiqiy ma’noda ozod emas: ular hanuzgacha hokimiyat tarafidan ta’qib qilinmoqda. Ularning hammasi ishsiz va yashab turgan joyini tark etish huquqidan mahrumdirlar. Masalan, mening ukam Rashid Begjon turmadan chiqqaniga 8 oy bo’ldi, unga hanuzgacha pasport berilgani yo’q. Agar pasport bersalar ham, unga viloyatdan chiqish izni berilmasligi aniq.

O’sha qo’shtirnoq ichida ozod qilingan siyosiy mahbuslardan Safar Bekjon yaqinda xavfsizlik xodimlari tarafidan vahshiylarcha kaltaklandi. Ozod qilingan siyosiy mahbus Mamadali Mahmudning izida hamdoim odam bor va hokazo.

Siyosiy muxolifatning umumiy ahvoliga kelsak, muxolif partiyalardan hech biri va bu partiyalarning hech bir a’zosi ochiq faoliyat ko’rsatayotgani yo’q. Ular 1992 yil ta’qiqlangan va shu ta’qiqlanganicha turibdi.

Siz erkin matbuot yaratish va uni rag’batlantirish xususida O’zbekiston rahbariyati bir ish qilmoqchi, dedingiz. Bugun tashqarida bosilib, O’zbekistonga olib kirilayotgan muxolifat nashrlari O’zbekistonning o’zida bosulmaguncha, bizda erkin matbuot bo’lmaydi. Hur fikr senzura qilinar ekan, hur fikrni aytgan shaxs ta’qib qilinar ekan, erkin matbuot haqida gapirish aslo mumkin emas.

Xabaringiz bo’lsa kerak, O’zbekistonda davlatga oid bo’lgan yana bir gazeta tashkil qilindi. Unga ”Hurriyat” deya juda go’zal nom qo’yishibdi. Uning tagiga ”mustaqil gazeta” deb yozilgani esa, odamni ham kuldiradi, ham yig’latadi. Mayli, bu gazetani tanqid qilmaylik – yaxshi niyat yorti mol, deydilar. Bu «hurriyat» so’zini o’qib, bu ”mustaqil gazeta” iborasini o’qib, farishtalar omin deb yuborsa, ne ajab? Omin desalar, bas, biz hurriyatga ham, gazetalarning mustaqilligiga ham darrov erishamiz, inshoOlloh.

Endi hukumat bilan muxolifatning muhtamal hamkorligiga kelaylik. Agar hukumat suhbatimiz boshida orzu qilingan shaklda o’zgarish yasasa, bunday hukumat bilan muloqot qilish biz uchun uyat emas, sharaf bo’lar edi. Bunday hukumat siyosatini qo’llab-quvvatlash bizning vatanparvarlik burchimiz va fuqarolik vazifamiz bo’lardi. Agar mo”jiza yuz berib, bu o’zgarishlar boshlansa edi, biz kabilar Frankfurtda emas, Toshkentga javlon urib, o’z millatiga xizmat qilgan bo’lar va bundan baxtiyor bo’lardi.

Muxbir: Hukumat va muxolifat munosabatidan, muxolifat ichidagi vaziyatga o’tsak.

Siz 1992 yilda tashkil etilgan va o’z oldiga O’zbekistondagi demokratik kuchlarni birlashtirishni maqsad qilib qo’ygan ”O’zbekiston Demokratik Forumi” tashabbuskori va uning raisi edingiz. O’shanda, Forum o’z maqsadiga oxirigacha erisha olmadi va O’zbekiston demokratik kuchlari, afsuski, birlashish emas, balki ajralish, ichdan bo’linish yo’lidan ketdi. O’tgandagi xatolarni sarhisob qilib, bugun yana shu vazifani kun tartibiga qo’yish payti kelmadimikin? Va agar bugun ana shu harakat qayta boshlansa, uning o’tgandagidan farqli natija berishiga ishonasizmi? Yo’q bolsa, nega?

Muhammad Solih: 1992 yilda tuzilgan ”Demokratik kuchlar Forumi”ni tashkil qilgan tamal, ta’bir joyiz bo’lsa, uning umurtqa pog’onasi, bugun ham hayotiy faoliyatini davom etmoqda. O’sha paytda Forumga kirgan tashkilotlrning deyarli hammasi bilan aloqamiz davom etmoqda.

Demokratik Forum siyosiy muxolifatning jumhuriyat iqtisodini rivojlantirish programmasi ustida ish boshlagan edi. Bu programmani tayyorlash uchun 27 ta yuksak malakali iqtisodchi professionallar, fan doktorlari jalb qilingan edi. Olimlarimiz g’ayrat va ilhom bilan ish boshladilar. Bu odamla ”ERK” Partiyasi a’zosi emasdilar. Ular o’z millati va mamlakatiga xizmat qilish uchun qulay iqlim, ijodiy atmosfera axtarib yurgan ziyolilar edi va bu iqlim atmosferini bizning tashkilotda ko’rdilar va bizning programmamizni qabul qildilar. Boshlangan bu ish hukumat doiralarini qo’rqitdi. Nega qo’rqitganini hanuz tushinolmayman. Har holda, Demokratik Forumning 1992 yil aprel oyida o’tgan ikkinchi majlisidan keyin ”ERK” Partiyasiga qarshi repressiv siyosat ochiqchasiga yuritila boshladi va siz aytgandek, Demokratik Forum o’z maqsadiga erisha olmadi. Bu nuqtada shuni ham aytish lozimki, Demokratik Forum faqat muxolifatni birlashtirishni o’z oldiga vazifa qilib qo’ygani yo’q edi. Bu birlashgan kuchlar ayni zamonda mamlakat rivojiga o’zining alternativ g’oyalari bilan yordam berishga qodir siyosiy guruh ekanini ham isbot qilishi kerak edi. Afsuski, buni isbot qilishga ulgurmadik. Lekin O’zbekistonda siyosiy vaziyat biroz yumshasa bas, bu kuchlar bir zumda to’planajak va ishni qolgan yeridan davom ettirajakdir.

Muxbir: Bugun O’zbekiston hukumati va muxolifati bir narsani – respublikada demokratik, erkin jamiyat qurish g’oyasini ta’kidlayotgan ayni paytda, o’z nomidan ”tarixlar to’qilib, hukmlar o’qilayotgan” xalqning bularga munosabati noayon. Demokratiya ”olabo’ji” qilib ko’rsatilganda ham u ”miq” etmadi (deyarli!) va bugun buning aksi gapirila boshlaganda ham, u jim. O’z taqdiriga ana shunday loqayd va ma’suliyatsiz bir xalq bilan biror jiddiy o’zgarishlar qilish mumkinligiga ishonasizmi? Yoki O’zbekiston taqdiri uni boshqaradiganlarning insofiga bog’liq bo’lib qolaveradimi?

Muhammad Solih: Xalqning o’z taqdiriga loqaydliginng sabablari, albatta, ko’p. Bu sabablarning eng muhim ikkitasini ko’rsatish mumkin. Birinchisi, moddiy sababdir. Qorni och odam o’zining insoniy qadr-qimmatini emas, och qornini to’yg’azishni o’ylaydi. Bu, afsuski, achhiq haqiqatdir.

Loqaydlikning ikkinchi muhim sababi, ma’naviy sababdir. Xalqimiz 100 yil davomida e’tiqodsizlikka o’rgatildi, ongiga ateizm singdirildi. Ollohga inonmagan inson moddiy qiyinchiliklarga tahammul etolmaydi, sabr qilolmaydi, o’z insoniy g’ururini toptash hisobiga bo’lsa ham, tezroq qornini to’yg’ozishga harakat qiladi.

Demak, xalqning ijtimoiy faolligi, birinchidan, uning iymoniga, ikkinchidan, iqtisodiy ahvoliga bog’liq ekan. Yetishib kelayotgan avloq shu perspektivada tarbiyalanishi lozim. O’shanda biz o’z taqdiriga loyiq xalq kategoriyasidan chiqib, shuurli va kuchli millat saviyasiga yuksalishimiz mumkin. Olloh hammamizni bu kunlarni ko’rishni nasib etsin.

(22.01.1997)

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *