“Buyuk odam doim tanhodir”

O’zbek shoirining amerikalik tadqiqotchisi Khayrulla H. Ismatulla, Bloomington, Indiana Universiteti
15.01.2001
Amerikalik yosh olima Ruf Deybler dissertatsiyasida tadqiq etilganiga qaraganda, 1986 yildan — qayta qurish va oshkoralik davridan boshlab, Muhammad Solih ijodida majoziylik o’rnini aniqlik, reallik egallay boshlaydi.

Ruf Deybler tadqiqotining 2-bobida 1986-1989 yillar
o’rtasidagi siyosiy voqealar va ularni Muhammad Solih ijodiga ta’siri xususida fikr yuritiladi.

Bu davrda o’zbek ziyolilari paxta monokulturasi, yerning zaharlanishi va sho’rlanishi, Orol dengizining quriy boshlashi, bolalar o’limining oshib borishi, rak, sil, tif va sariq kasalliklari bilan og’riganlarning soni ortishi kabi masalalarga keng xalq ommasining e’tiborini qaratishga harakat qildilar.

Bu bobda tadqiqotchi «Ayollarga sog’liq bering», «Lenin, Stalin, Brejnev haqida tashbehlar», «Qaytish», «Akademik. E. Yusupovga maktub», «Uyg’onishning og’ir yo’li» kabi adibning she’riy va publitsistik asarlarini tahlil qilgan, ma’lum xulosalar chiqargan.

Amerikalik tadqiqotchining aniqlashicha, bu davrda ijod qilgan asarlarida adib ochiq fikr yuritadi. U o’z fikrlarini ramzlar, majozlar ortiga yashirmaydi. Adibning asarlari boshqa yozuvchilar asarlaridan uni ajratib turadigan o’ziga xos individuallikka, ohangga ega.

Bu davrda adib murojaat qilgan mavzulardan biri, tadqiqotchining ko’rsatishicha, yaqin tarixni qayta idrok qilish bo’lgan. Oshkoralik shiori ostida adib repressiyaga uchragan o’zbek yozuvchilari merosini qayta ko’rib chiqishga chaqirganlardan biri bo’lgan.

Garchi o’sha davr hukumat boshliqlari jamoatchilik talabi natijasida rejimni qisman liberallashtirishga majbur bo’lgan bo’lsalar-da, buni ular ilojsizlikdan, istamay amalga oshirgandilar, deb yozadi Ruf Deybler.

Dissertatsiyaning 3-bobida tadqiqotchi 1989-1992 yillar ijtimoiy jarayonlar I. Karimov tomonidan qattiq kontrol qilina boshlanishi bilan ajralib turadi, degan xulosaga keladi. O’z xulosasini ushbu misollar bilan tasdiqlaydi: agar 1989 yil oktyabr oyining o’rtalarida o’zbek tiliga davlat tili maqomi berilishiga bag’ishlab o’tkazilgan xalq namoyishiga bir necha o’n ming hamda 1990 yili may oyida Diniy Boshqarma muftisi qilib otasi tomonidan tayinlangan, ma’naviy buzuq Shamsiddin Bobaxonovga qarshi o’tkazilgan namoyishga 20 mingdan ortiq kishi qatnashgan bo’lsa, O’zbekiston mustaqillik e’lon qilganidan so’ng (1 sentyabr 1991 yil), bunday namoyishlarga mutlaqo ruxsat berilmagan.

1989-1990 yillarda Muhammad Solih faol siyosatchi sifatida faoliyatda bo’ldi. Adibning «Birlik» xalq harakatini va «ERK» Demokratik partiyasini tashkil etish va oyoqqa turg’izishda jonkuyarligi hamda Oliy Majlis deputati sifatidagi faoliyatlari ham mana shu bobda atroflicha o’rganilgan.

Mazkur bobning oxirida muallif chiqargan xulosalardan biri shuki, adib 1992 yilga kelib «ERK» Demokratik partiyasini tuzgan, Oliy Majlisga deputat, prezidentlikka nomzod bo’lgan bo’lsa ham, demokratiyaning to’la bo’g’ilishi sababli u chuqur tushkunlikka tushgan edi. Dissertatsiyaning 4-bobida 1992-1995 yillar voqealari qalamga olingan.

Ruf Deyblerning aniqlashicha, prezident tomonidan olg’a tashlangan «nima qilib bo’lsa ham stabillikka erishish» g’oyasi hur fikrlilikni bo’g’ish uchun boshlangan kampaniya bo’lgandi va shunday bo’lib qoldi. «Ommaviy qamashlar, urib, mayib qilishlar, axborot vositalari — matbuot, radio va televidenieni qattiq kontrol ostiga olish, talofat ko’rganlarning guvohlik berishlaricha, uslublari Stalin qatag’oni uslublaridan qolishmaydigan yangi havfsizlik organlari bu davrdagi I. Karimov rejimining o’ziga xos xarakterli belgilaridan biri bo’lib qolgan», — deb yozadi dissertant 4-bobda. Mamlakatda yuz berayotgan bunday mudhish holga qarshi o’laroq Muhammad Solih 1992 yil iyun oyida deputatlikdan voz kechadi va uning partiyasi yashirin faoliyatga o’tadi. Mazkur bobda tadqiqotchi adibning «Oydinlik sari» asarini keng tahlil qiladi hamda ushbu xulosaga keladi: «Garchi o’z Vatanidan chiqarib yuborilgan bo’lsa-da, Muhammad Solih o’z vatani siyosiy hayoti bilan uzviy aloqadadir. U demokratik qayta qurilish uchun kurashyapti…

Demokratik o’zgarishlarga amal qilishga va’da bergan bo’lsa ham, I. Karimov O’zbekistonda xalq hayotining barcha jabhalarida to’la diktat o’rnatdi. O’z siyosatida u fuqarolarning har qanday hurfikrliligiga ochiqdan ochiq qarshilik qilib, muxolifatni qattiqqo’llik bilan ta’qib etyapti». M. Solih o’z asarida yozganidek, «…oddiy shamol haykallarni hech uchirolmaydi. Ularni juda katta ijtimoiy voqealar, loaqal inqilob bo’roni uchirishi mumkin». Ha, darhaqiqat, haykallarni va shuningdek haykalga aylangan mutlaq boshliqchalarni xalq g’azabi bo’roni uchirajakdir. Bunga shubha bo’lishi mumkin emas.

Muhammad Solihning o’zi «Adashgan haykallar» asarida yozganidek, «Buyuk odam doim tanhodir».

Amerikalik olima Ruf Deybler dissertatsiyasini xuddi shu so’zlar bilan xotimalaydi:

«Hiyobonda yolg’iz va xayolga sho’ng’ib turgan haykallar kabi Muhammad Solih ham shuhrat va mashhurlikni tatib ko’rdi. Biroq u hozir yana yolg’iz. Shu sababli Muhammad Solihning o’ziga nisbatan ‘Buyuk odam doim tanhodir’ iborasini ishlatish o’rinli bo’ladi».

Muhammad Solih vaqtincha tanhodir, biroq u doim buyukdir, chunki o’z boshiga eng mudhish mushkulliklarni solishayotgan bir vaqtda ham, u o’z xalqining farovonligini o’ylayapti.

Zero xalqdan uning topgan-tutganlarini yulib olib, chet elga tashib ketuvchilar emas, balki o’z manfaatini o’ylamasdan, o’zining topgan-tutganlarini o’z xalqiga ravo ko’ruvchilar doim buyukdir.

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *