Hamid Ismoil haqida (qisqa so’z)

70-yillarda Sovet Adabiyotida «Dvuyazichiya» degan termin bor edi. Bu termin go’yo ikki tilda yozgan yozuvchilarni ifodaalshi kerak edi. Masalan, millati Rus bo’lmagan, ammo Rus tilida ijod qilgan yozuvchilarni shu «ikki tilli» yozuvchilar toifasiga kiritishardi. Ammo Rus tilida yozgan yozuvchilarning hech biri boshqa tilda yozmas edi. Na Aytmatov, na O’ljas Sulaymon va na da Fozil Iskandar — hech biri Rus tilidan boshqa bir tilda yozmagan, ammo «ikki tilli» adabiyot vakili sifatida tilga olinganlar. 

Lekin 80-yillar boshida ikki tilda yozadiganlar paydo bo’ldi. O’zbek yozuvchisi va shoiri Hamid Ismoil ikki tilda yoza oladigan balki ilk qalam sohibi. Yana uning uchun «birinchi til» yoki «ikkinchi til» kabi mezonlar yo’q edi. U O’zbek tilida ham, Rus tilida ham mukammal yoza olardi.

(Aslida inson zotining hofizasi — shuur osti bilgi sandig’iga — tug’ilishdan butun tillar joylashtirilgan, degan gipotezaga men ishonaman. Shu nuqtai nazardan «ona til» ve «ikkinchi til» tushunchalari bor-yo’g’i milliyatchi mafkura vositalari sifatida bizga qadrli bo’lgan. Bugun ham O’zbekistoinda o’zbek tilining davlat tili sifatida o’z mavqeini muhofaza qilishi tarafdoriman, lekin bu o’zbek tilining boshqa tillardan ustun bo’lgani uchun emas, balki o’zbek tilining O’zbekistonda davlat tili bo’lishi adolatdan bo’lganligi uchun).

Hamid Ismoilning «Posfaustum» asari shu ma’noda o’rnak bir asardir. U yerdagi har bir she’er yoki mansura inson tilining nimalarga qodir ekanini ko’rsatadigan manzara hosil qiladi. Bu sahifalarni juda qattiq maqtash mumkin, juda qattiq tanqid ham qilish mumkin. Bunday tanqidga ham, maqtovga ham sog’lom asos bor matnda.

Boshqa tahlil yoq.

Agar Hamid Ismoil bugun ham bu asarini maqul ko’rtyotgan bo’lsa albatta, bu yozuvni yozish noqulay, lekin o’ylaymanki, u bu asaridan yetarli darajada uzoqlashgan va shuning uchun ham uning tahliliga rozi bo’lgan. Hamidning bugungi yozganalari bu Qayta Qurish Dekadasi mahsuli bo’lgan «Postfaustum» dan albatta farq qiladi. Biz uning so’nggi kitoblarida (o’zbekchasida ham, ruschasida ham), o’zbekona va ayni paytda juda yangi bir kinoya texnologiyasi bilan ishlangan uslubini kashf qildik. Bitta kitobini internet sahifasiga ham qo’ydik.

Hamid xarakter o’laroq modern o’zbek intellektuali, o’zining yozayotganlariga shafqat va ayni paytyda kinoya bilan qaray oladigan, tarbiyali bir munavvar. Ortiqcha iddaoli emas, chunki har qanday iddao u aytishga uringan fikrni xiralshtirishi mukinligini sezadi. Kaminaga qusur bo’lib ko’ringan bir xusus Hamid Ismoilning g’arb adabiyotida qo’llaniladigan «realistik uslub»ni qo’llashga moyilligi. Masalan, … yaxshisi misol keltirmayin. Uyat narsalar chunki. Aslida, Hamid Ismoil bu uslubga aslo muhtoj emas, uning kuchli tarafi qarama-qarshi tarafda, o’zbekona — bu terminni yaxshi ko’rmasam ham qo’lladim, hozircha boshqasini toplmayapman — tasvirda. S’onggi kitobi bo’lmish «Hay ibn Yakzan» nomli kitobidagi ilk manzara haqiaqtan klassik bir parcha! Kitob qahromoni bolani bog’da ari chaqib olgani va uning ko’zining «shishish jarayoni»… Bu tasvir o’zbek tilida (nasrda) yaratilgan balki eng badiiy ilk TASVIR.

Hamid Ismoil bundan 3 yil avval bir roman chop qilgan edi. O’z qishlog’iga oid voqealar tasviri ve juda ichkin, nihoyatda sertuyg’u bir kitob edi. Faqat yana o’sha «realistik manzaralr» birdan o’rtaga chiqib kayfiyatni o’zgaritirgani esimda. Agar bir paytlardagi kabi Joysni «ulug’ yozuvchi» deb bilganimda edi, Hamidni ko’kka ko’targan bo’lardim, ammo bugun o’quvchi sifatida juda orqada qoldim, Joysni ortiq «ulug'» hisoblamayman, hatto nega uning 70-larda bizga bu qadar ulug’ ko’ringaniga hayron bo’laman. Va Hamidning o’sha romanini o’qib «bu Joysdan ham battar», desam, ukalardan biri bu tanqidga bir oz hayron bo’lgandi.

Hamid Ismoil o’zbek adabiyotida hanuzgacha loyiq bo’lgan saviyada tanilmagan, ammo mutloqo bu adabiyotda u loyiq bo’lgan, O’RNI bo’lgan haqiqiy yozuvchi, shoir va tarjimondir. Uning birorta asari bugunga qadar tahlil qilinmadi afsus. Adabiyotchilar nima bilan shug’ullanayotibdi, buni ham bilmaymiz. Balki haqiqiy adabiyot bilan shugullanish tahlikali bo’lgani uchun bu ishga qo’l urmayotgandirlar.

Bunda ham mantiq bor.

Muhammad Solih

(31.12.2001, Oslo)

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *