Mamadali Mahmud (Evril Turon)ning Muhammad Solihga qamoqxonadan yozgan maktubi

DO’STIM !
Ko’z ko’rib, quloq eshitmagan ko’rgulik bu! Kechmish kechmish bo’lib bunday … ko’rmagan. Yovuzlik, zulmning eng so’nggi hadlari!… Millionlar !!! Millionlar adog’i!…

Men o’z ko’zim bilan ko’rdim, barini. O’zimning ignalar sanchilgan, mixlar qoqilgan, kuydirilgan, majaqlangan tanamda o’tkazdim barini. So’kish, tahqirlar!… Cheksiz tahqirlar!!!

Bular bari dahshat!

Bu haqda keyin… Alohida…

Men Sizga bir kitob yozdim. Bag’ishladim. Bu hali chala. Zindonda 14 soatlab ishladim. Chalajon. O’shanda to’kdim! O’lim qoplari kiydirilgandan so’ng. Qiynoqlar oldida o’lim halvo bo’lib qoldi… Ruxni o’ldirolmaydi. Rux unga qarshi million qatla qayraladi. O’lim go’zal…

Buni yozayapman, qo’rqayapman, shoshayapman, har qadamda ayg’oqchi. Kitobni tog’am biladi qayerdaligini. Sh’erlar yozmagan odam, yozdim. Alamlarni. Bu yengil ekan. Bular qayerdaligini tog’am biladi. Lozim bo’lsa…

Inilarim (M. Solihning ukalari) bilan birga edik, ezib tashlashdi. Katta ukam “ukrain” (Muhammad Begjon) men bilan (Jaslik kampiga) ketdi. So’ng… So’ng bilmayman qayerdaligini.

Ne sababdandir men bu yerdaman. 20 kg ozib ketgan edim. Yuz martalab hushsiz yiqildim. O’ldi deb o’ylashgan edi. Tangriga shukr, tirikman. Hozir bu yerdaman, sog’ligim tiklanayapti, lekin…

Biz sevgan budun (eski turkchada — xalq) sarobga ketayapti. Sarobga yetdi. G’arq bo’layapti…

Eshitdim bugun Sizni…

Men Sizga yuz varaq yozmoqchi edim. Imkonijat bo’g’ilgan. Ko’zlar bog’langan. Tillar bog’langan. Devorlar yuribdi…

Do’stim, bizga, yoq’likka yordam bering. Zarur juda. Ahvol so’nggi nuqtada.

Sizni o’zim kabi sevaman.

Evril Turon

11.11.2000

Ko’p tushlarimga kirasiz.

Qolganini tog’am so’zlaydi.

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *