Millat pora-pora bo’ldi poradan

O’zbekistonda poraxo’rlik va yulg’ichlik shu darajada ochiq va oshkor davom etmoqda-ki, yaqinlarda shonli Parlamentimiz pora berish va olish tartib-qoidalari haqida qonun chiqarib qolsa ajab emas.

Poraxo’rlik va yulg’ichlik O’zbekiston chegarasiga — havodanmi, quruqlikdanmi, farqi yo’q — kirgan zahotingiz boshlanadi. Bojxonadagi bojmon azamatlar pasportingizni ortiqcha zavq bilan tamosha qilaboshlasa, chamodoningizni ortiqcha hafsala bilan kavlay boshlasa, biling-ki, sizdan pora istarlar. Siz xoh yerli o’zbek bo’ling, xoh boshqa mamlakatdan kelayotgan sayyoh bo’ling, bunday vaziyatda azamatlarning istagini qondirishga majbursiz. Siz chet ellik bo’lib poraning qanday berilishini bilmasligingiz mumkin, ammo u erdagi azamatlar buni bir zumda o’rgatadi va siz porani qanday berib qo’yganingizni bilmay qolasiz.

Lekin ular ko’pincha o’zi yaxshi bilgan xalqni — o’zbekni to’xtatadi, chunki o’zbek juda qulay millat, u boshqalarga o’xshab o’z haq-huquqini talab qilmaydi, poraxo’rlikdan shikoyat qilib yurmaydi. Shu yuho bilan pachakilashib o’tiramanmi, deydi-yu yulg’ichga istaganini berib, o’tib ketaveradi.

O’zbekning bu odatini xotamtoylik deyish kerakmi yoki hafsalasizlikmi? Yoki bu postsovet jamiyati paydo qilgan real hayotni anglagan hushyor bir odamning falsafasimi? Ya’ni o’zbek poraxo’rdan uning boshlig’iga shikoyat qilishning foydasizligini biladi, chunki uning boshlig’i ham poraxo’rdir, boshlig’ining boshlig’i ham poraxo’r. Bu zanjir eng yuqorigacha davom etadi. Bu haqda Prezident Karimov aqlli bir maqol aytganlar: “Baliq boshdan chiriydi”, deganlar. Faqat bu bosh chiriy boshlaganiga ancha bo’ldi, haliyam chirib bitgani yo’q. Xalq shundan bezovta. Xalq shuning uchun ham har qadamda pora berishga majbur.

Davlat idoralari bilan bog’liq bo’lgan har qanday ish uchun avvaldan bahosi tayinlangan. Masalan, OVIRdan viza olmoqchi bo’lsangiz, 100 dollar to’lashingiz kerak. 95 dollar bersangiz ham olishmaydi, aynan 100 dollar berasiz, chunki vizaning bahosi shu. O’g’lingizni harbiy xizmatga yuborgingiz kelmasa, marhamat, 300 dollar to’lab, unga harbiy bilet olib bering. Va bu sevikli farzandingizning oliy ma’lumot egasi bo’lishini istasangiz, uni ovora bo’lib o’qishga tayyorlab yurmang, 500 dollar to’lang-da, pedfak diplomini sotib oling. Agar arzandangiz obro’liroq fakultetda o’qimoqchi bo’lsa, 5 ming to’lab, iqtisod fakultetiga, 10 ming dollar to’lab huquq fakultetiga, 15 ming dollar to’lab xalqaro fakultetiga kiritib qo’yishingiz mumkin, 300 dollarga medtexnikumga kiriting farzandingizni. Agar siz 300 ni ham topolmasangiz, o’zingizdan ko’ring. Unda bolangiz o’qishga majbur bo’ladi, u o’z kuchi bilan o’qishga kirishga mahkumdir, u o’qishni a’lo baholar bilan bitirib, bu poraxo’rlar jamiyatini tubdan o’zgartirishga bel bog’lagan xayolparastlar qatoriga qo’shiladi.

Xullas, o’zbekning poraxo’rlikka liberal qarashi oqibatida “pora bermayman” deb hech kim o’rtaga chiqmayapti. Ehtimol, bunday bir radikal harakatni ichida o’ylayotganlar bordir, lekin uni hayotga tadbiq qilishga yuragi betlamayapti chamasi. Chunki tomdan tarasha tushganday, “men ortiq pora bermayman”, deb o’rtaga chiqsa, odamlar uni aqldan ozdi deb o’ylashlari mumkin. Butun xalq tinch-totuv pora berayotgan bir paytda, unga qarshi chiqish shakkoklik bo’lardi.

Lekin faraz qilishingiz mumkin-ki, bir shavvoz, bir zabardast, bir qahramon o’rtaga otilib chiqsin va osmandan tarasha tushganday: “Ey, yoronlar musulmonlar, men pora berishni bas qildim!”, deya baqirsin.

Shuning o’zi bas, orqasidan yana bittasi chiqardi, yana bitta telba, yana bir “geroy” chiqardi albat va derdi: men ham, men ham ortiq pora bermayman, derdi hovliqib. Ana undan keyin, undan keyin nariyog’i oson, nariyog’ida olomon paydo bo’lardi. Pora bermaslikka qasd qilgan olomon. U shunday hayqirgan bo’lardi-ki, bu hayqiriqdan aziz yurtimizni poraxo’rlik to’ri bilan chirmab olgan kommunist o’rgimchaklar, aziz yurtimizning qonini so’rayotgan yulg’ich zuluklar toru-mor bo’lgan bo’lardi.

Shu orzular bilan uyquga ketgan edim, tushimda realistik bir manzara paydo bo’ldi. Bir o’zbek choponini elkasiga tashlab O’zbekistondan chiqib ketayotgan emish. Men unga “yo’l bo’lsin”, desam, menga javob bermadi, faqat g’amgin xirgoyi qila boshladi. Qo’shig’ining ilk jumlasi shunday edi:

Toshkentu Samarqand, Buxorada,

Millat pora-pora bo’ldi poradan…

(Avgust, 1997)

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *