O’RTA OSIYO SIYOSATINGIZNI O’ZGARTIRISHINGIZ LOZIM

Noji O’zkon bilan suhbat
(qisqartirilgan holda chop etildi)

O’zbekiston “ERK” Partiyasi raisi, shoir Muhammad Solihga ko’ra OXHT qarorlari va Turkiya
O’zbekiston muxolifatining sasi, “ERK” Partiyasining lideri, mashhur shoir Muhammad Solih bilan OXHT (Ovrupoda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti) qarorlari va Turkiya haqida suhbatlashdik. Solih o’zining 1985 yilda yozgan “Politbyuroga maktub”i ila sovet ziyolilari ichida katta qo’zg’olish uyg’otgandi. 1991 yil saylovlarida u O’zbekiston prezidentiga nomzod bo’ldi. Saylovdagi adolatsizliklarga qaramay, uning 13 foizga yaqin ovoz olgani rasman tan olindi. Millatvakilligiga saylangandan so’ng, tazyiqlarga norozilik sifatida millatvakilligidan iste’fo etdi. Hibsga olindi. Xalqaro tashkilotlarning tazyiqlari va O’zbekistonni ziyorat etgan Turg’it O’zolning iltimosidan bir kun so’ngra ozod etildi. Turkiyaga keldi, ammo tazyiqlar davom etavergach, 1994 yilida bu yerdan ham ketishga majbur bo’ldi. U hozir Norvegiyada yashamoqda.

— OXHTning Istanbul Konferentsiyasiga chaqirilganin-gizni eshitdik, ammo kelmadingiz, ne sababdan?

— Ovrupo Hamkorlik Tashkilotining Istanbul Konferentsiyasiga qatnashish uchun taklifnoma olgandim, ammo Turkiya tarafidan “iltimos, kelmang”, shaklida bir ogohlantirish yuborildi. Keyin esa, Karimovning bosqilari natijasida, Hamkorlik Tashkiloti ham o’z taklifnomasini qaytarib oldi.

— Hamkorlik Tashkilotining Istanbul zirvasini qanday baholaysiz?

— Bu zirva O’rta Osiyo jumhuriyatlari uchun juda ahamiyatli edi. Istanbul Konferentsiyasi 2000 yillarning O’rta Osiyo strategiyasi eshigini izladi. Bu strategiya doirasida Turkiya zimmasiga buyuk rol tushmoqda. O’rta Osiyo va Kavkaz yangi dunyo geopolitikasining muhim nuqtalaridir.

— Rusiyaning Chechenistonga qilgan hujumi bu yangi geopolitikaning qayeridan o’rin olgan?

— Bu mintaqalarda o’zining eski mavqeini saqlab qolishni istayotgan Rusiya, G’arbning yangi bir geostrategik qurilishlarining oldini olish uchun bu urushni boshladi. U bu urushni yana ham kengroq maydonga yoyishni istab qolishi mumkin. Rusiya bu maqsadini “terrorizm va fundamentalizmga qarshi kurash” kabi bahonalarga o’rashni istaydi, ammo bu to’g’ri emas. Rusiya avvaldan super kuch bo’lgan bir davlat kompleksini tashimoqda va bu kompleks tahlikalidir. Rusiya ikki o’t orasida: bir tarafdan demokratiya ve dunyo bilan tinchlik ichida yashamoq, ikkinchi tomondan super kuch kompleksi… Rusiyaning bu ikki o’t orasida muvozanat saqlashi mumkin emas. Ammo tinchlik va demokratiya Rusiyaga ham kerak.

— O’zbekiston Prezidenti Karimov Istanbuldan erta ayrildi, sababi nimada?

— Rusiya O’rta Osiyodagi ta’sirini davom ettirmak uchun eski sistemadan qolgan rahbarlardan foydalanmoqda, ulardan juda yaxshi foydalanmoqda. Bunday rahbarlar o’z hokimiyatini saqlab qolish uchun har narsaga tayyorlar. Istanbul zirvasida Yeltsinning asabiylashganidan so’ng, Karimov ham Turkiyadan o’pkalanib, Istanbuldan ertaroq ketish shaklida bir tadbir oldi. Karimov, ”chetlatilganlik” bahonasi orqasiga yashirinishni istaydi, ammo asl sabab — uning Yeltsin yonida bo’lish istagida edi. Istanbuldan qaytiboq, u Xitoy bilan bir qator shartnomalar tuzdi. O’zbekiston avvalroq Rusiyaning mudofaa birligidan chiqqan edi, ammo u paytda Amerikaga ishonayotgan edi. Karimov Amerika va G’arbning o’zi bilan hamkorlik qilishlari uchun inson haqlari va demokratiyadan voz kechajagiga umid qilgan edi. Inson haqlari va demokratiya G’arb muhofaza qilgan qadriyatlar, ular istaganlari taqdirda ham bu qadriyatlardan voz kecholmasdilar. Ular O’zbekiston uchun istisno qilolmaydilar. Shundan so’ng O’zbekiston Rusiya tomonga qayrilish siyosatini yurgiza boshladi.

— Bu sharoitda Turkiyaning vazifasi nimadan iborat?

— “G’arb” deganda men Turkiyani ham nazarda tutayapman. G’arbning va tabiiyki, Turkiyaning O’rta Osiyo siyosatidagi eng zayif xalqa — mavjud rejimlar va rahbarlar: ularning printsipsizligi va beburdligi. G’arb, so’nggi olti yil davomida eski kommunist rahbarlar-la bu o’lkalarni o’ziga ag’darib olishni ko’zladi. Mavjud rahbarlarga teginmay, milliardlarcha dollar harjlab, o’z ta’sirini yoyishga harakat qildi. Ammo ko’rdilar-ki, istaganlari bo’lmadi. Rusiya bu mintaqada o’z ta’sir kuchini saqlab qolmoqda. Ortiq shuni ko’rmog’ingiz lozim: O’rta Osiyo o’lkalarining mavjud rahbarlarida G’arbga integratsiya bo’lishni uddalay oladigan, demokratik qadriyatlarni qabul etajak bir zehniyat topilmayapti. ”Eski miltiqlar” o’zgartirilgani yo’q. Yangi bir liderlar avlodi kelmaguncha O’rta Osiyoda o’zgarish kutish mumkin emas. G’arb endi demokratiyaga chindan ishongan yangi liderlarni dastaklashi lozim. Turkiya ham shu yo’nalishda ishlashi kerak.

O’rta Osiyoda do’stlar bo’lishini istasangiz, do’stlaringizning iqtidorga kelishiga dastak bering. Siz esa, kim hokimiyatda bo’lsa, o’shani dastaklaysiz. Ammo iqtidorda siz targ’ib qilayotgan qadriyatlarga, ya’ni, erkinlik va demokratiya, inson haqlari, tinchlik va faravonlik g’oyalariga dushman bo’lgan odamlar o’tiribdi. Siz hali ham bu rahbarlardan birnarsalarni umid qilmoqdasiz. Bu siyosat ortiq har qanday mantiqqa zid bo’lib qoldi. Yangi Ovrosiyo strategiyasiga uyg’un o’laroq, G’arb va Turkiya yangicha siyosat yurgizishi lozim. Tabiiyki, agar hali ham Chin devorlariga qadar yoyilgan bu o’lkani quchoqlashni istayotgan bo’lsangiz…

— Turkiya sizga yordam bermayaptimi?

— Karimov, Muhammad Solihga Turkiya yordam berayapti, deb o’ylaydi. Mantiqan, Turkiya yordam etishi lozim edi. Chunki, sovetlar davridan beri Turkiya va uning qadriyatlarini Muhammad Solih targ’ib qiladi. Ammo afsuski, Turkiya menga hech bir zamon yordam ko’rsatmadi. Men ham Turkiya va O’zbekiston orasidagi aloqalar buzilmasligi uchun jim turdim. Turkiya hali ham ayni taktikani davom ettirishni istamoqda. Lekin bu taktika eskirdi. Endi yangi taktikaga ehtiyoj bor. Endi yangi narsalar haqida gapirish zamoni keldi. Ovrupo Hamkorligi tashkiloti zirvasidan so’ng Turkiya zimmasiga tushgan vazifani ochiq va mashru shaklda amalga oshirish zamoni keldi. Ya’ni, diktatorlarning injiqliklariga sassiz qolmasligi kerak. Turkiya Karimovning butun talablarini bajarib, nimaga erishdi? Aksincha, Karimov Turkiyaga qarshu yana ham qo’rslashdi. Zirvadan so’ngra Turkiya mintaqada kuchli rol o’ynash majburiyatidadir. Bu rolning ijobiy ta’sirlarini kutayapmiz.

— O’zbekistonda demokratiya alomatlari bormi?

— O’zbekistonda demokratik harakat zayif bo’lsaydi, Karimov olti yildan beri bizni ta’qib etmasdi. O’lkamizda bir sukunat bor, ammo bu sukunat dovul oldidan bo’ladigan sukunat kabidir. Kafkaning romanlaridagi kabi doimo nazorat ostida qolish natijasida tug’iladigan bir psixologik holat mavjud. G’arb: ”O’zbekistonda aslo bir narsa qila ko’rma, istiqrorsizlik boshlanadi,” deydi. Holbuki, istiqrorsizlikning manbai Karimov rejimidir.

(”Milliyat” gazetasi, 27 .11.1999 )

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *