OVOZI O’CHIRILGAN XALQNING OVOZI

Bundan bir yil avval shoir Rauf Parfiga O’zbekiston hukumati xalq shoiri unvoni berganida shoirning ba’zi do’stlari bu voqeani yaxshi qabul qilmagan edilar, shular ichida kamina ham bor edi. Rauf Parfi bu unvonga loyiq bo’lmagani uchun emas, bu unvon Rauf Parfiga loyiq bo’lmagani uchun biz bu voqeani ijobiy qabul qilmagandik.

Chunki, Rauf Parfi kabi umri davomida hur fikr kuychisi bo’lgan bir shaxsning hur fikrning ashaddiy dushmani bo’lmish bir siyosiy rejimdan mukofot olishi tabiat qonunlariga zid edi. Lekin yaqinda hurmatli shoiramiz Gulchehra Nurullayevaning Ozodlik Radiosidan eshittirilgan Rauf Parfi bilan suhbati xalq shoiri kim bo’lishi kerak degan savolga o’ziga xos bir javob bo’ldi.
Suhbatda Rauf Parfi o’zining bir jurnaldan ishdan ketishiga hukumatning bir buyurtmasini rad etganligi sabab bo’lganini e’tirof etdi. Shoirga O’zbekiston turmalarining oltmishmi, yetmishmi yillik yubileyiga chiqayotgan bir kitobni tahrir qilishga berishgan, u esa, bunday kitobni tahrir qilishga ma’navy haqqim yo’q, deya qaytarib bergan ve ayni paytda ishdan iste’fosini ham yozgan. Tashqaridan qaraganda normal ko’rinadigan bu harakat, bizningcha, bir shoirning, bir vatanparvarning O’zbekiston kabi bir mamlakatda bugun sodir qilishi mumkin bo’lgan maksimum fidoyilikdir. Bunday harakat Rusiyada qahramonlik sanalmasdi, bu hatto Qirgizistonda ham normal qabul qilingan bo’lardi, ammo ziyolilari qo’rqitilgan, xo’rlangan va yer bilan bir qilingan O’zbekiston uchun Rauf Parfining qilgan bu harakati mutlaqo taqdirga shoyondir. Bu O’zbek ziyolisining hali ham yashyotganidan bir mujda, demak, xalqning xalq o’laroq yashayotganidan bir mujda edi.

Endi Sovet davrida SHOIR XALQNING OVOZIDIR degan safsata bugun o’z qiymatini topib, safsata bo’lishdan to’xtaydi, shekilli. Bugun shoir haqiqatan ham xalqning ovozi, to’grirogi, jim turgan xalqning ovozidir.

Xalqni jimlikka mahkum etganlarida uning uchun shoirlar gapira boshlaydilar. Ular ko’p bo’lmasligi mumkin, bir hechta bo’lishi mumkin, ammo, xoxlaymizmi-yo’qmi, milliyonlarning ovozi bo’lish sharafi shu bir nechta darvishga maxsusdir.

Shu o’rinda buxorolik yana bir iste’dodli shoirimiz Yusuf Jumaning «Ozodlik»dan eshittirilgan bir sheridagi O’zbekistonda bulbullar yo’q, zoglar qoldi, degan fikriga unchalik qo’shilmayman, bu fikrni uning o’zi yozgan she’rlar ham rad qilib turibdi. O’zbekistonda bulbullar hali ham bor va doim bo’lajakdir. Faqat ulardan ko’p bo’lishni talab qilmasak bo’ldi, ular butun zamonlarda ozchilik bo’lgan. O’zbekiston Yozuvchilar Uyuyshmasiga a’zo shoirlar soni, balki, mingdan ko’pdir, kitob chiqarganlar, esa, undan ham ko’p, ammo haqiqiy shoirlar besh yoki oltidir, undan ko’p emas. Doim shunday bo’lgan, yani, haqiqiy shoir kontingenti Alisher Navoiy davrida qancha bo’lsa, bugun ham shunchadir. Ular 20 yillarda qancha bo’lsa, 70 yillarda ham shuncha edi. Faqat 80 yillarning oxirida boshlangan Qayta Qurish ularning sonini keskin ko’paytirganday tuyuldi, lekin aslida, unday emasdi, Qauta Qurish tugab, zulmning yangi bosqichi boshlangandi, shoirlar soni keskin qisqardi, ularga qo’shilgan qahramonlar yana asliga qaytishib, maddohliklarini to’xtagan joyidan davom ettirib ketaverdilar, farqi ilgari Brejnev yoki Rashidovni maqtagan bo’lsalar, endi Karimovni maqtay boshlagandilar. Va boya aytilganidek, shoirlar yana sharafli ozchilikka aylandilar.

Bu haqiqatni anglash uchun yaqinda qamoqdagi yozuvchi Mamadali Mahmud himoyasi uchun O’zbekiston rahbariga yozilgan maktub ostidagi imzolarga qarash kifoyadir. Shoir Shukrulloh boshchiligidagi besh-olti darvish. Olloh rozi b’lsin ulardan. Xalqning shoirlari shulardir. Zindonlarga madhiyani tahrir qilishdan bosh tortgan Ustoz Rauf Parfi, o’sha zindonlarda azob chekayotgan bir hamkasbini himoya qilishdan chekinmagan oqsoqol Shukrulloh boshchiligidagi bir guruh iste’dodli do’stlarim, hammasi xalqning shoirlaridirlar. Faqat majlis va qurultoylarda, to’y va yubileylarda zolimga tasanno aytayotgan xalqning shoiri emas ular, qullik va istibdodni tinchlik deb atayotgan, Yaratganning rahmatidan umid uzib, mustabiddan marhamat kutayotgan xalqning shoiri emas ular. Ular ezilgan, xo’rlangan, ammo iymonini kaftida bir parcha cho’gni asragan kabi asrab kelayotgan bir xalqning shoiridir ular.

Yashasin, haqiqiy xalqning haqiqiy shoirlari.

(29.07.2000)

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *