O’zbekistonda diniy va siyosiy muxolifat

Bizga faks vositasida O’zbekistondagi diniy guruhlardan birining tarqatayotgan bir varaqasini yuborishdi, o’qib qattiq ranjidik. Varaqa 90-yillar boshida ildiz otgan demagogiyaning chirigan mevasi edi. Demokratlar ham Karimovdan farq qilmaydi, deb bong urardi varaqa. 

Bugun O’zbekiston hukumati ”islom fundamentalizmi” bahonasida fikri uchun begunoh odamlarni shafqatsiz ta’qib qilayotgan bir paytda bu kabi narsalarni o’qish juda og’ir keladi odamga…

So’nggi 2 yil ichida bir diniy guruhning minglarcha a’zosi faqat guruhga a’zo bo’lganlari uchungina hibsga olinib, og’ir jazolarga mahkum etilmoqdalar.

Siyosiy muxolifatdan boshqa hech kim bu haqsizlikka qarshi ovoz chiqarmadi. Muxolifat bu qatag’onni imkoni bor har yerda tilga keltirdi, bunday qatag’onni muxolifatning o’zi boshdan kechirgani, kechirayotgani uchungina emas, balki haqsizlik va zulmga qarshi ovoz chiqarish uning asos aqidalaridan biri, uning jihodi bo’lgani uchun ham shunday qildi.

Siyosiy muxolifat va diniy guruhlar paydo bo’lganlaridan beri (Sovet davri Qayta qurish yillari) bir-biriga hech yaqinlasha olmadilar. Bunga muxolifat kabi diniy guruhlarning ham o’z sabablari bor edi.

Mullalar demokratlarning eski kommunistlardan farqi yo’q derdi va bu ithomda go’yo jon bor edi. Chindan ham, bir dumalab demokrat bo’lgan buqalamunlar ko’p edi, ammo bu Demokratiya va uning aqidalarini yerga urish uchun yetarli dalil bo’lolmasdi.

Demokratiyaning nima ekanligini bilmay turib, eski kommunist buqalamunlarni demokrat sanab, demokratiyani la’natlash g’ofillikdan boshqa narsa emas, albatta.

O’zbekistonda Qayta qurish davrida demokratik harakatni tashkil qilgan, uni boshlab berganlar g’ayrikommunist, iymonli va milliy ruhda voyaga yetgan kishilar edi. Diniy qadriyatlarni ham Sovet davrida ko’tarib chiqishga jur’at etgan aynan o’shalar edi. Qayta qurish kelib, gapirishga izn berilganda maydonga chiqqan din muallimlari esa Sovet davrida og’iz ocholmagandilar.

90-yillar boshida xalqimizning dinga bo’lgan tavajjuhi eng yuksak nuqtaga yetgan va bu to’lqinda diniy guruhlar siyosiylasha boshladi. Ulardagi muxolif ruh uzoq yillar davomida dindan ayri yashashga mahkum etilgan insonlarning kayfiyatini ifoda etardi. Ular o’zlari tanlagan yo’ldan boshqa har qanday yo’lni xato deb bilar, ba’zida hatto kufr deb hisoblardilar. Bilimsizlik va alamzadalikka qurilgan bunday dunyoqarash egasi nafaqat ko’rgan narsasidan, ko’rmagan, bilmagan narsalardan ham nafratlanishga moyil edi. Bu xususiyat, balki siyosiy muxolifatni diniy oqimlardan uzoq turishga majbur etgan asosiy sabablardan biri edi.

Shunga qaramay, muxolifat diniy guruhlarni mavjud ijtimoiy-siyosiy tuzumga integratsiya qilishdan boshqa yo’l yo’q ekanligini doim ta’kidladi. Ularni yo’q qilishga intilish, ayniqsa, kuch ishlatib yo’qotishga urinishning teskari natija berajagini taxmin qilgandi.

Kaminaning 1995 yilda yozilgan bir maqolamdan parcha keltiraman: ”…har qanday tuzumda odamlar o’z haq-huquqlarini avval qonun asosida talab qiladilar. Agar tuzumda qonun bo’lmasa, bu qonunni odamlarning o’zi barpo qilishga urinib ko’radilar, agar tuzum bunga ham qarshilik qilsa, odamlar yangi tuzum qurish uchun kurash boshlaydilar” (Iqror, 1995 yil, 379 bet).

Ayni kitob, ayni sahifada ”Inson huquqlari Deklaratsiyasi”dan shu iqtibos ham bor: ”…inson haq-huquqi qonun hukmi bilan shuning uchun ham himoya qilinishi kerak-ki, toki inson zulm va zo’ravonlikka qarshi eng oxirgi chora sifatida isyonga bosh urmasin”. Bugun O’zbekiston hukumatiga qarshi jihod e’lon qilgan Afg’onistondagi qurolli guruh 1991 yilda bir muslimon uchun zarur bo’lgan minimal haq-huquqlarni talab qilib, hukumatga ariza yozgan bo’lsa, bugun Islom Davlati quraman degan iddao bilan o’rtaga chiqayapti.

Uni bu saviyaga olib kelgan, hech shubhasiz, o’zining begunoh fuqarolariga terror o’tkazayotgan davlatdir.

Demokratik muxolifat bugun ham diniy harakatlarni yerosti faoliyatdan chiqarib, mavjud siyosiy sistemaga integratsiya qilish tarafdoridir.

Lekin ”mavjud siyosiy sistema” buni istamaydi, u diniy guruh u yoqda tursin, hatto demokratik muxolifatning o’zi, nainki muxolifat, umuman, har qanday o’zga fikrlovchi kishini, ”ijtimoiy faol insonni” yer ostiga yo’llayapti. Ya’ni O’zbekistondagi totalitar rejim ”yer osti boyliklarimiz” deganda, faqat oltinlarni nazarda tutmaydi, o’lkaning eng porloq zakoli insonlari yoki ”yer ostida”, yoki chet ellarda sargardon kezmoqdalar.

Albatta, demokratik muxolifat o’zi qonun tashqarisiga chiqarib qo’yilgan bir holatda, o’zi bu ”mavjud sistemaga” integratsiya bo’lmay turib, buni diniy guruhlar uchun istashi bir oz kulgili bo’lishi mumkin.

Faqat kulgili bo’lmagan nuqta shunda-ki, ”o’zingga ravo ko’rmagan narsani boshqaga ham ravo ko’rma yoki o’zing uchun istagan narsani yaqining uchun ham ista” aqidasi dinimizning tamallaridan biri bo’lgani kabi, inson haqlari va demokratiyaning ham baynalminal platformada qabul qilingan tamoyillaridan biridir.

Bu tamoyillar naqadar ijro qilinayapti, bu boshqa masala, lekin ”bizdan bo’lmagan kofir” mantig’i bilan jumlai-jahonga urush e’lon qilayotgan ba’zi diniy guruhlar bor-ki, ularning yozib, chizayotgani (agar KGB tarqatmayotgan bo’lsa) qip-qizil johillikdir.

Demokratlarni bugungu totalitar rejim peshvolari qatorida sanayotgan mulla akalar bir farqni bilishi lozim: sizni rejim quvg’in qildi, demokratlar esa sizga ko’ksini siper qilib, himoya etdi. Buni sizga yaxshi ko’rinish uchun qilmadilar, e’tiqodi va aqidalari haqqi qilishdi. Bu sizlarni ham demokratlarga do’st bo’ling yoki demokrat bo’ling deb aytayotganim yo’q, ”sizdan bo’lmaganlar bilan” bir jamiyatda yashashni o’rganishingizni tilab aytilmoqda.

Aks holda, bu varaqani tarqatishga fatvo berganlarning ”o’zidan bo’lmaganlarni” yo’q qilayotgan Karimovdan hech bir farqi qolmayajakdir.

(18.06.2000)

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *