«Ozodlik» radiosi muxbirining Muhammad Solih bilan Praga shahar qamoqxonasida o’tkazgan suhbati

( 4 Dec. 2001)
A. Najimova  Z. Eshanova

Raxmat, Zebuniso, haqiqatan ham Chexiya rasmiylari ruxsati bilan men hozirda Praga qamoqxonasida ushlab turilgan Muhammad Solih bilan uchrashishga muvaffaq bo’ldim. Bu galgi suhbatimiz g’ayri oddiy sharoitda bo’lib o’tganiga qaramay, Muhammad Solih ruhan ancha sokin ko’rindi. Suhbatimiz boshida Muhammad Solihdan qanday hibsga olingani bilan bog’liq tafsilotlar to’g’ridsida aytib berishini so’radim. 

Muhammad Solihning so’zlariga ko’ra, Pragaga kelishidan ilgari u 27 noyabr kuni Bryusselda Evropa Parlamentining Markaziy Osiyo bo’yicha Komissiyasi vakillari bilan uchrashib Afg’oniston va markaziy Osiyodagi vaziyatni muhokama etgan.

Uchrashuv chog’ida Muhammad Solih O’zbekistonda terrorizmni tugatishning asosiy yo’llari mamlakatda siyosiy islohatlar o’tkazish hamda siyosiy va diniy muxolifatga tazyiqlarni to’xtatish ekanini urg’ulagan. Bu o’rinda shuni eslatib o’tmoqchi edim-ki, ushbu komissiya raisi Bart Staes “ERK” Partiyasi raisining Pragada ushlangani haqida xabar topgach, Chexiya rasmiylariga murojaat qilib, Muhammad Solihning O’zbekistonga topshirilmasligini so’ragan. Bu haqda biz dushanba, yani 3 dekabr kungi eshitirishlarimizda ma’lumot bergan edik.

Endi yana Muhammad Solihning Pragada ushlangani masalasiga qaytsak. Uning aytishicha, Praga aeraportida pasport tekshiruvidan o’tayotgan paytda uning ismi kompyuterda Interpol ro’yxatidan chiqqan.

Chunku, Muhammad Solihni 1999 yil 16 fevral Toshkent portlashlarini tashkil qilganlikda ayblagan O’zbekiston hukumati uning ismini Interpolga jo’natgan.

Biroq, agar Muhammad Solih haqiqatan ham Interpol ro’yxatiga kiritilgan bo’lsa, bu holda qanday qilib u Belgiya, Gollandiya va boshqa mamlakatlarga safar qila olgan, nima uchun bu mamlakatlar rasmiylari Muhammad Solihni hibsga olishmagan?!

Kamina bu savolni dushanba kuni Norvegiya elchisi janob Lasse Seimga berganimda, janob elchi vaziyatni shunday izohladi: odatda, dedi Norvegiya elchisi, Interpolning Londondagi bosh qarorgohiga turli mamlakatlar hukumatlari yoki qonunni muhofaza qiluvchi organlaridan u yoki bu shaxsni ro’yxatga kiritish borasida murojaatlar tushadi. Afsuski, Interpol har bi odamga oid ma’lumotlarni sinchkovlik bilan tekshirib chiqolmaydi va ularni ro’yxatga mexanik ravishda kiritadi. Muhammad Solih masalasiga kelsak, hujjatlari uning Norvegiyada siyosiy muhojir maqomiga ega ekanligini yaqqol ko’rsatishi bois, u safar qilgan aksariyat davlatlar Muhammad Solihni o’z davlatlariga bemalol kiritishadi.

Suhbatimiz davomida Muhammad Solihga Pragaga kelishidan ilgari Chexiyaning Oslodagi elchixonasi bilan telefon orqali bog’lanib, o’zining 1951 yilgi Jeneva Konventsiyasiga binoan siyosiy muhojir hujjatiga ega ekanini ma’lum qilib, o’ziga Chexiyaga kirish uchun viza kerak-kerak emasligini surishtirgan. Elchixona xodimlari Muhammad Solihga Chexiya vizasi kerak emasligini bildirishgan.

O’zining qamoqda ushlab turilishi va O’zbekistonga qaytarib yuborilishi mumkinligi masalasi atrofida gapirgan Muhammad Solih shunday vaziyatga tushganiga hech kimni sababchi deb ko’rmayotganini ta’kidlab o’tdi.

“Kamina na Interpol, na Chex politsiyasi, na hukumati va nada Karimovni bunga sababchi deb ko’rmayman. Bu mening taqdirim. Shu bois, men uni sokin qabul qilaman,” – dedi xususan “ERK” Partiyasi raisi.

Qamoqdagi sharoit va o’zini qanday his qilishi haqida so’raganimda Muhammad Solih vaziyatni uning so’zalari bilan aytganda normal deya baholab, bir kishilik kamerada ushlanayotganini va o’zining ro’za tutayotganini aytdi. U faqat o’qishga kitob yoki gazetalar berishlarini so’radi.

Suhbatimiz qamoqdagi sharoitdan yana aylanib uning qamoqqa olinganiga sabab bo’lgan hodisalarga qaytdi. Men Muhammad Solihdan O’zbekiston Oliy mahkamasining uning 16 fevral 1999 yilgi portlashlarga aloqadorligi borasidagi ayblovlar asosida, sirtdan, ya’ni Muhammad Solihning ishtirokisiz, uni 15 yarim yilga qamoq jazosiga hukm etganiga munosabatini so’radim. “ERK” Partiyasi raisi bu sud qoralovchidan tortib to uning himoyachisi deb tayinlangan shaxsgacha prezident Karimovga qarashli bo’lganlari bois, bu mahkama hukmini qabul qilmasligi va uni qonuniy ham deb hisoblamasligini bayon qildi. “Agar men haqiqatan ham terrorchilar bilan aloqada bo’lganimda, meni allaqachon AQSh Federal Qidiruv Byurosi hibsga olgan bo’lardi. O’zbekiston prezidentining o’zi ham buni yaxshi biladi,” dedi Muahammad Solih.

Tohir Yo’ldosh bilan aloqada bo’lgani haqidagi ma’lumotlarga javoban Muhamamd Solih haqiqatan ham 1996 yili Yo’ldosh bilan Turkiyada 2 marta uchrashgani, biroq u paytda Tohir Yo’ldosh Birlashgan tojik muxolifati a’zosi bo’lganini bildirdi. Terrorizm hamda 11 sentyabr hodisalari xususidagi qarashlarini yana bir bor bildirgan Muhammad Solih o’zining Allohga ishonishi va shu bois, na o’limdan qo’rqmasligi va na biron insonni o’ldirish kabi ishga qo’l urmasligini bayon qildi. “Terrorchilar o’z maqsadlariga erishish uchun Qur’onni noto’g’ri talqin qilishayapti,” dedi Muhammad Solih.

Praga qamoqxonasida bo’lib o’tgan suhbatimiz nihoyasida Muhamamad Solih barcha do’stlari, uni qo’llab quvvatlayotgan tashkilotlar va odamlarga salomlarini aytib, tez orada ozod etilishiga umid bildirdi.

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *