“OZODLIK” RADIOSINING TURKMAN REDAKSIYASI SAVOLLARIGA JAVOB

Savol: Bizning bilishimizcha, iyul oyida AQSh hukumatining yuqori darajadagi rasmiy kishilaridan Stroub Telboot va Ayzenstat chiqish qilib, o’z hukumatining Kavkaz va O’rta Osiyo davlatlarini kuchlantirishga chaqirdilar. Sizningcha Amerika rasmiylarining bu chaqiriqlari nimani anglatadi? Yoki ular bu davlatlarni Rusiyaning ta’siridan xolos etmoq maqsadida bunday chiqishlar qildilarmi?

Javob: Avval shuni bilishimiz kerak-ki, bizni hech kim kuchlantirishni istamaydi. Buni biz o’zimiz istashimiz mumkin va ”kuchlanish programmasi”ni (agar shunday ta’bir joiz bo’lsa) O’rta Osiyo jumhuriyatlari o’zlari ishlab chiqishlari kerak. Amerika Qo’shma Shtatlarining bizga berayotgan e’tiboriga kelsak, bu dunyo siyosatini yo’naltirishga da’vogar bir davlat uchun tabiiydir. O’rta Osiyo Amerika uchun neft, oltin, paxta kabi boyliklar makonigina emas, balki strategik ahamiyati katta bo’lgan geopolitik havzalardan biri hamdir. Madaniy dunyo tarixida muhim o’rin tutgan uchta asosiy havza bor: Pasifik yoki Tinch okeani havzasi, Oq dengiz (O’rta yer dengizi) havzasi va O’rta Osiyo geopolitik havzasi. Bu havzalardan har qanday birini o’z nazorati ostiga ola olgan davlat dunyo siyosatida so’zi o’tadigan maqomga erishgan.

Oq dengiz havzasiga hokim bo’lgan vizantiyalilar, keyin ularning o’rniga o’tgan turklar ham o’z imperatorliklarini uzoq vaqt ushlab turganlar. Tinch okeani havzasi qulayliklari birdaniga to’rtta davlatni yuksaltti: Rusiya, Amerika, Yaponiya va, mana, Xitoy. Xitoy 21-asrning super davlatidir.

O’rta Osiyo havzasida ham ikki ming yil davomida uzluksiz davlatlar qurilgan. Uncha-muncha emas, buyuk davlatlar, imperatorliklar insho etilgan. Bu havzaga hokim bo’lish orzusi Aleksandr Makedonskiydan tortib Pyotr-I gacha, undan Vladimir Ilich Leningacha — hammasining yuraklarini orziqtirgan. Bu havza qalbidan chiqqan Ipak yo’li faqat tijorat yo’li emas, balki dunyoga uzangan madaniyat nuri edi.

O’rta osiyo havzasiga hokim bo’lish uchun so’nggi mujodalani rus bolsheviklari berdi va ularning hokimiyati 75 yil davom etdi. 1991 yil dekabrda bu hokimiyat rasman tugadi, O’rta Osiyoda yangi mustaqil davlatlar qurish imkoni paydo bo’ldi. Eski sovet jumhuriyatlarining avtomatik ravishda ”mustaqil davlatlarga” aylanishi mumkin emasligini hamma bilardi. Xususan, Rusiya bu tarixiy bosqich parokandaligidan foydalanib, O’rta Osiyoda eski ta’sirni tiklash niyatidan bir soniya ham voz kechmasligi ham hech kimga sir emas. Lekin bizning davlatlarimizning kommunistik zehniyatdagi rahbarlari mulliy mustaqillik tushunchasidan ham, milliy davlat tushunchasidan ham mahrum edilar. Ular Sovet Imperiyasi qulab, o’zlarini mustaqil xonlar kabi his qila boshladilar. Siyosatlari ham shunga mos yuritildi. Ular uchki siyosatda mustabid, tashqi siyosatda mahdud feodal sifatida o’rtaga chiqdilar. Ular mintaqa iqtisodining mavjud infrastrukturasini parchalab tashladilar, transport, aloqa va energetika sohasidagi jumhuriyatlararo hamkorlik to’xtash darajasiga yetdi. Bir-biriga begona bo’lgan Ovrupo millatlari o’z chegaralaridagi bojxonalarini olib tashlayotgan bir paytda, bizning qon-qardosh millatlarimizning shuursiz ”yo’lboshchilari” har bir mahalla chegarasida bojxona qurib, tovarning erkin harakatini to’xtatdilar, yo’l va so’qmoqlarda bojmon kiyimini kiygan qaroqchilarni ko’paytirdilar. Yo’lboshchilarimiz o’z mustaqilliklarini ko’rsatish uchun faqat bu bilan cheklanib qolmadilar. Ular bir-biriga qarshi iqtisodiy tazyiq va siyosiy shantaj usullarini ham qo’llay boshladilar. Bu siyosat mintaqa iqtisodini qisqa vaqt ichida cho’ktirdi. Bugun mintaqadagi beshta jumhuriyatdan birortasi ham ”bizdagi ahvol siznikidan yaxshi” deya olmaydi.

Bu ahvolda bizga na Amerika na-da boshqa buyuk davlat najot bo’la oladi. Bu ahvolda biz, avvalo Olloh, keyin bir-birimizdan najot kutmog’imiz kerak. Mintaqadagi beshta jumhuriyat shuurli bir siyosat o’rtaga qo’yib, iqtisodiy jabhada birlashuv jarayonini boshlasa, inqirozdan qisqa vaqt ichida chiqishi mumkin. Zero, biz boshqa yerlarda izlagan ham moddiy, ham ma’naviy xom ashyo o’zimizda mavjuddir, Faqat bojxonalar yo’q qilinib, ta’qiqalar bekor qilinsa bas. Lekin hamma narsadan avval biz kimligimizni qattiq anglab olishimiz kerak. Mintaqada yashayotgan xalqlar bir-biriga begona emas, qarindosh ekanligini aslo va aslo unutmasligimiz kerak. Hatto sovet davrida mavjud bo’lgan qarindoshlik ruhi bugun xalqlarimiz orasida yo’q. Bu iqtisodiy bo’hrondan ham qo’rqinchliroq hodisadir.

Amerikaga keladigan bo’lsak, uning O’rta Osiyodagi strategik manfaatlarini gapirdim. Albatta, Rusiya bilan raqobat ham bor, lekin, menimcha Amerikaning eng yaqin tashvishi ”islom fundamentalizmidir”. Bu iboraning naqadar uydurma ekanligi haqida men ko’p gapirganman, ammo bu nuqtada shuni aytish kerak-ki, islom dini keyingi 30 yilda butun dunyoda, shu jumladan bizning mintaqada ham kuchaydi. Ma’lumingiz, kelajak 21-asrda millatlararo mujodala iqtisodiy yoki siyosiy jabhadan madaniy va diniy jabhada kuchayadi degan taxminlar bor. Buni hisobga olganda, Amerukaning ”fundamentalizm” andishasi ostida kelajakda G’arb va Sharq o’rtasida boshlanadigan omonsiz raqobatga hozirlik taloshini ko’rish mumkin.

Savol: Amerika Kavkaz o’lkalarini kuchaytirishni boshladi desak ham bo’ladi. Sababi, avval Gurjiston prezidenti Shevarnadze, so’ngra Ozorboyjon lideri Vashngtonga sayohat qildilar.

O’rta Osiyo jumhuriyatlaridan esa Akayev yaqinda Amerikaga borib, vitse-prezident Al Gor va dunyo Banki rahbarlari bilan uchrashdi. O’rta Osiyo mintaqasidan yana qaysi lider Oq uyga kirarkan? Chunki ularning ichida Oq uyga kirmagan prezidentlar ham bor.

Javob: Kundalik siyosatda Amerika O’rta Osiyo davlatlarini inson huquqlari borasida ogohlantirsa ham, ularni o’zidan yuz o’girish darajasida xafa qilmaydi. Masalan, AQSh rahbariyati O’zbekiston prezidentining diktatorlikka havasmand ekanligini bilaturib, rasmiy bo’lmasada Oq uyda besh-o’n daqiqa qabul qildi. Xuddi shunday shaklda Turkmanboshi ham qabul qilinishi mumkin. Buning ajablanarli joyi yo’q. O’zbekiston ham, Turkmaniston ham osiyoning xom ashyoga boy o’lkalaridir, bu boylikdan hissa olish uchun inson huquqlari va demokratiyadan ko’z yumilishi ham mumkin.

Savol: Amerikaning yuqori lavozimli rahbarlari Turkmaniston mustaqillikka erishgan ilk kunlarda Ashxobodga safar qildilar. Amerikaning shu vaqtdagi davlat sekretari Beyker va boshqalar Ashxobodga borsalar ham, so’ngra Amerika Turkmanistonni unutdi. Sizningcha, qaysi sabablarga ko’ra Amerika Turkmanistonga nisbatan tegishli choralar ko’rmayapti?

Javob: Savolingizning so’ngidagi jumlaga javob beray: Turkmanistonga chorani Amerika emas, turkman xalqi ko’rishi kerak. Xalq o’zi uyg’onib, o’z dardini o’zi aytishi kerak. Biz avvallari sovet mustamlakasi davrida mahalliy rahbarlardan Moskvaga shikoyat qilar edik, endi mahalliy rahbarlardan Vashingtonga shikoyat qiladigan bo’lsak, demak, ahvol o’zgarmagan. Ahvolni o’zgartirish majburiyati bizning yelkamizdadir. So’z hurriyati, matbuot va vijdon erkinligini biz o’zimiz talashib olishimiz kerak. Shunda Amerika yoki boshqasi yordam berishi mumkin. Ammo biz jim turaylik-da, boshqasi biz uchun kurashsin desak, xato bo’ladi. Ishonaman-ki, bizning jafokash xalqlarimiz turkman ham, o’zbek, qozoq, qirg’iz ham o’z haq-huquqlarini o’zlari himoya qilish qudratiga egadirlar. Buning isbotini, inshoOlloh, butun dunyo ko’rajakdir.

(Avgust, 1997)

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *