QAYTISH HAQIDA

(“Ozodlik” radiosi savollariga javob)
Bugun O’zbekiston’dan tashqarida yashayotgan va “muxolifatchilar” deb atalayotgan kishilardan hech biri o’z istagi bilan vatanni tark etgani yo’q. Ularning hammasi mavjud siyosiy tuzum tomonidan o’lkadan chiqib ketishga majbur qilinganlar. Albatta, ularning hammasi der ekan, buni istisnoli qabul etmoq lozim. Masalan, bizning ichimizda yurib, hukumat topshirig’ini bajarayotgan gizli kimsalar ham yo’q emas. Ular muxolifatni ichidan yemirish uchun yolg’on va fisqu-fasod to’qib, bu to’qilgan materyalni har xil nashrlar vositasida O’zbekiston jamoatchiligi orasida yoyishga harakat qilib keldi. Bu odamlarni bugun Prezident Karimov O’zbekistonga qaytishga da’vat qilmoqda. Chunki karimov muxolifatni yetarli darajada parchaladim deb o’ylaydi va yanglishadi. Ammo bular ko’pchilik emas. Ko’pchilik o’z vatanini sevgan, surgun hayotni butun qiyinchiliklarga qaramay, o’z e’tiqodidan voz kechmagan va bu yo’lda qo’ldan kelgancha xizmat qilayotgan insonlardir. Hech shubhasiz, bu kishilarning hammasi vataniga qaytishni istaydi. Ular hukumat gazetalari yozayotgandek, “Ovruponing restoranlarda aysh-ishrat qilishni emas”, o’zining yo’qsil o’lkasiga qaytib, yo’qsillar qatorida yashashni, va bu mamlakatni yo’qsillikdan qutqarish uchun xizmat qilishni istaydi.

Mening shaxsimga keladigan bo’lsak, vatanga qaytib borish mening shaxsiy ishim emas. Bunga men mansub bo’lgan siyosiy tashkilot qaror berishi kerak. Bu qaror berilgani yo’q, chunki O’zbekistonda siyosiy vaziyat o’zgargani yo’q. Ba’zi niqob kiygan muxolifatchilarni O’zbvekistonda siyosiy vaziyat yumshadi, degan tashviqotlari haqiqatdan uzoqdir.

O’zbekistonda “siyosiy vaziyat yumshagani”ni ayg’oqchi laganbardorlar emas, hukumatning o’zi rasmiy ravishda e’lon qilishi lozim. E’lon qilibgina qolmay, amalda isbotlashi lozim. Ya’niy, ta’qiqlangan siyosiy partiyalar faoliyati qonun asosida tiklansa, siyosiy mahbuslar ozod qilinsa va oqlansa, mustaqil matbuot va so’z erkinligi ta’minoti kabi boshqa demokratik tadbirlar olina boshlasa, siyosiy vaziyatning o’zgarganiga ishonish mumkin. U kuni vatanga qaytishdan bizni hech kim, hech narsa to’xtatolmaydi.

(26.01.1997, Istanbul)

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *