She’r shoirga nisbatan uzoqroqni ko’radi

Temur Xo’jao’g’li
(Muhammad Solihning turkiya turkchasida Istanbulda bosilgan “Og’ochlar shoir bo’lsa” nomli kitobiga yozilgan so’zboshi)

Usta shoirlarning she’ri faqat shoirning shaxsiy hayoti bilan chegaralanib qolmaydi, balki shoir mansub bo’lgan millatning hayot va taqdirning ajralmas bir parchasiga aylanadi. Ahmad Yassaviy, Alisher Navoiy, Fuzuliy kabi buyuk shoirlar she’riyatini butun dunyo turklarining ma’naviy hayoti va taqdiridan ayirmoq mumkin emas. Yigirmanchi asr boshida yashagan Abdulla To’qay she’riyati tatar turklarining, Husayin Jovid she’riyati ozori turklarining, Yahyo Kamol she’riyati turkiya turklarining, Abdulhamid Sulaymon Cho’lpon she’riyati o’zbek turklarining, Abduholiq Uyg’ur she’riyati esa uyg’ur turklarining yurak sasi bo’lmishdir.

Adabiy ijodkorligini ko’pdan beri kuzatib yurganim shoir Muhammad Solih she’riyati ham o’zbek turklarining bugun yashayotgan bosqichida hayotiy bir ahamiyat kasb etmoqdadir. Buni Muhammad Solihning uyoq-buyog’i 30 yillik she’r sarguzashti bilan isbotlash mumkin.

Muhammad Solihning butun she’rlarida yangi saslar, yangi xayollar, yangi o’xshatishlar izlaganini ko’ramiz. Bu izlanish shoirning eng so’ngi she’rlarida ham davom etadi. Bu xususiyat uning dastlabki she’rlaridayoq bo’rtib ko’ringandi.

Misol:

Hech kim she’r yozmaydi bugun,

Novdaning bo’g’zida qoldi kurtaklar.

Yuraklar ko’krakda vaznsiz tugun,

Bulut ko’r quyoshni yurar etaklab.

1974 yilda yozilgan bu she’r “Kechikkan bahor” deb ataladi. Yuqorida keltirganimiz parchada shoir o’quvchini hayratlantiradigan bir manzara chizadi: kurtaklar chiqolmay novdaning bo’g’ziga tiqilgan, yuraklar ko’krak qafasi ichida og’irligi yo’q, g’aroyib tugun kabi osilib turadi va bulut ham so’qir quyoshni yetaklab yurarkan, bu vaziyatda she’r yozadigan biror kimsa yo’q. Har holda, bu she’r yozilgan vaqt 1970 yillardagi shoir yashayotgan jamiyatdagi turg’unlikni, monoton hayotni bundan ham yaxshiroq tasvirlash qiyin.

Bulutning ko’r quyoshni etaklab yurishi faqat 1970 yillar o’zbek she’riyati uchun yap-yangi ma’joz emas, balki bugun uchun ham jonli va kutilmagan bir tashbehdir.

Muhammad Solihning teran xayol kuchi har qanday odamning aqlini hayratlantiruvchi bom-boshqa ma’jozlar bilan qarshimizga chiqadi. Bu ma’jozlar o’quvchini nafaqat hayron qoldiradi, balki biz ko’nikkan zamon va makonni kengaytirish va teranlashtirishga majbur qilganday bo’ladi. Shoirning 1982 yilda yozgan shu she’riga qaraylik:

Bu yog’i sukunat, bu yog’i rohat,

O’tdi sevgi deya atalgan xatar,

Zaharlangan kabutarday xat,

Qo’lingdan bir qarich narida yotar.

Daxli bo’lmagandan keyin hayotga

Odam o’limga ham bo’lmaydi iqror…

Birorta fikr yo’q chaqirayotgan,

Sim-sim yig’layotgan xayol yo’q biror.

Faqat sahro misol tashlandiq yuzda

Vaqt kabi o’zicha o’smoqda soqol.

Bir muhabbat mojorasini tugatgan odamning yolg’izligi tasvir etilgan bu she’rda “sevgilidan kelgan xat zaharlangan kabutarday” yotgani, vaqtning esa “odamning yuzida o’z-o’zidan soqol kabi o’sayotgani” kabi ifodalar o’quvchi xayolini sarosimaga soladi.

Muhammad Solihning she’rlarida ma’jozlar, to’g’rirog’i, ma’jozli tushuntirish tarzi she’rga muayyan teranlik qozontirib qolmay, balki voqealarni oldindan aytayotgan mistik ishoratlarga aylanishadi. Muhammad Solihning tubanda biz keltirayotgan she’ri 1981 yilda yozilgan va bu she’rda tasvirlangan voqeaning yillar o’tib o’z boshiga tushajagini bilmagan shoir shunday deb yozgandi:

Judolik dev kabi kelmaydi doim,

Ba’zan u mushukday keladi sassiz.

Panjalari momiq, muloyim,

O’tkir tirnoqlari maxfiy ko’rinmas.

Ko’tarmoq uchun ham bu judolikni,

Shart emas devlarga xos bir iroda-

Oddiy odam bo’lsa yetadi, ya’ni

Boshiga judolik tushan bir odam.

Butun hayoti o’z yurtida o’tib, istar adabiyot istar siyosat bo’lsin, har sohaga nihoyatda muhim hissalar qo’shgan bir ziyoli Muhammad Solih 1993 yil aprel oyida o’z vatanidan ayri tushdi. U bugungi chekayotgan iztiroblarini go’yo 1981 yilda “paxta kabi yumshoq panjali mushuk sassisligi”ga o’xshatgandi.

Muhammad Solihning o’zi ham eski she’rlardagi bir qancha xayoliy holatlarning keyinchalik hayotiy holatlarga aylanganiga guvohdir. Bu xususda Muhammad Solih kinoyali bir tarzda hikoya qiladi. U 1994 yil iyul oyida yozgan “Farishtalarni unutmang” maqolasida, qarang, nima deydi:

“Hijrat erkaklar uchun vojib deydilar, ammo men, to’g’risi, O’zbekistondan chiqib ketishni hech orzu qilmaganman. Turg’unlik yillarida chop etilgan kitoblarimni varaqlayman: aksariy she’rlar ayriliq, uyqusizlik, vidolashuv, qo’msash haqida. Aksariy she’rlar hech qachon uyidan chiqmagan odamning sayohati haqida, hech qachon yig’lamagan odamning ko’z yoshi haqida yozgan she’rlaridir.

She’r tabiatan anglanmas bir narsadir. Eski she’rlarimni o’qiyotib, ularni anglamayman.”

Muhammad Solih bu maqolasida har xil eski she’rlardan namuna keltirib, “bu she’rlarni bugun yozishim kerak edi, shunda bular mubolag’a bo’lmasdi. Lekin bu she’rlar 1981 yilda yozilgan va u paytda ular mubolag’a va tushunarsiz bo’lib ko’ringandi”, deydi shoir.

U yumoristik bir ohangda, she’r to’qib chiqarishning xavfli o’yin ekanini yozadi, yoshlarga maslahat berib, og’zingizga kelganini yozavermang, farishtalar “omin” deb yuboradi, deydi u. “Endi ba’zi shoirlarning nima uchun she’r yozishdan voz kechganligini anglagandirsiz. Farishtalar atrofda qo’nib-uchib yurarkan, she’r uydirish tahlikali maslakdir,” deb maqolasini bitiradi shoir.

Muhammad Solihning nozik uslubda bildirgan bu haqiqatini uning “Milliyatchi” deb atalgan she’ri misolida ham ko’rish mumkin. 1985 yilda yozilgan bu she’r Sovet davrida “Maxluq” sarlavhasi ostida chop qilingan. Shoirning 1995 yil chiqqan “Iqror” kitobida esa bu she’r “Milliyatchi” deb o’zgartirilgan.

Milliyatchi

U bir maxluq dunyo bozida,

Uning turgan-bitgani qayg’u.

Kishan yo’q-ku qo’l-oyog’ida

Lekin erkni, erkni istar u.

U bir maxluq, yurgan bir daydi,

Yo’q, yo’q yurmas, ko’klarda uchar,

U o’zining nafratin eydi,

U o’zining g’azabin ichar.

Shunday maxluq, uning yonida

Har bir ayol ko’rinadi tul.

“Kelgindi”mish o’z vatanida,

O’z uyida nomahrammish ul…

Bas qil maxluq, bas qil dedim, bas!

Muzlamasin yuzingda qahr,

Bu dunyoda mumkin-ku yashash,

Vatansiz ham mumkin-ku, axir!

Bu she’r kinoyaga to’la bir she’rdir. O’z vatanining rus mustamlakasi ostida chirpinishini ko’rib, qiynalayotgan milliyatchining alami. Lekin bu she’rning mistik tarafi ham bor. Muhammad Solihning butun bu tahlil qilganimiz sherlari shuni ko’rsatadi-ki, she’rning ko’zi tiyrak, u shoirga nisbatan uzoqroqni ko’rishga qodir. Muhammad Solihning she’rlarida biz ba’zan 10-15 yil so’ngra bo’lajak voqealarni tuyganday bo’lamiz. Mana, she’rlaridan biri:

Falak vijdon kabi tozadir shu payt,

Shoir xayoliday kengaymish olam.

Hozir sen dunyoga bor gapingni ayt,

So’zla yuragingni ochib langu-lang.

Gapir, dunyo senga qilgay e’tibor,

U xolis shu paytda, odil shoh yanglig’.

Hozir bir lahzalik marhamati bor.

Hozir shavqati bor uning bir tonglik!

Muhammad Solih bu she’rini 1985 yilda yozgandi. Bu she’r bir necha yil so’ngra O’zbekistonda boshlanajak qayta qurish davridagi hurriyat xabarchisiga o’xshaydi. Faqat bu hurriyat uzoq davom etmayajagi ham bu she’rda o’z aksini topgan: hozir ayni paytidir, so’ylamoq istagingni so’yla, deyiladi she’rda. Sahar vaqti dunyo vijdon kabi toza, odil podshoh kabi yaxshi niyatli ekan, odam ko’nglidagini ochiq aytishi mumkin. Qolaversa, bunday omonat fursatni qo’ldan boy bersang, keyin so’zlaringni ochiq so’ylay olmasliging mumkin.

Muhammad Solih 1985 va 1992 yillari orasida boshqa o’zbek ziyolilari kabi yuragida borini so’yladi. 1992 yildan keyin unga qarshi tazyiqlar kuchaydi, u o’zining deputatligini, maslagini, 1993 yildan so’ngra esa o’z uyini va yurtini navbatma-navbat tark etdi. U endi suyukli vatanidan uzoqda yashayapti va uning qo’lidan olinmagan yagona narsa – yurak so’zini so’ylash qobiliyatidir.

Agar Muhammad Solih boshqa narsalarni o’ylasa edi, balki o’z yurtida yashab, deputatligini davom ettira bilardi. Do’stlari davrasida kulib-o’ynab vaqt kechira bilardi. Lekin butun bu ne’matlarga og’zini yopib, jim turish evazigagina erishish mumkinligini ko’rib, Muhammad Solih bunday hayotni rad etdi.

Muhammad Solih xususan, 1970 yillarda nashr qilingan she’rlari bilan keng o’quvchi qatlamiga yetib borgan edi. U ko’pgina yosh shoirlarni o’z she’rlari bilan mutaassir etib, o’zbek she’rida majoziy she’r oqimini kuchaytirgan edi. Bu oqim 1920 yillarda buyuk o’zbek shoiri Cho’lpon she’riyatidan boshlangandi. She’riyatning bu majoziy shaklda hurriyat tuyg’usi juda quvvatlidir.

1920 yildan keyingi modern o’zbek she’riyatda Cho’lpon (1897-1938), Oybek (1905-1968), Usmon Nosir (1912-1942), Erkin Vohidov (1936), Abdulla Oripov (1941), Rauf Parfi (1942) kabi lirik she’rga ko’proq moyil shoirlardan keyin kelgan. O’zining originalligi, xayol kuchining teranligi ila o’quvchining yuragini larzaga solib, uni o’zi va tevaragiga yangidan boqishga majbur qiladigan ma’jozlarga to’la she’rlari bilan Muhammad Solih zamonaviy o’zbek she’riyatini nihoyatda boyitdi.

Muhammad Solih 1995 yil oktyabr oyida yozgan “Tarjimai holi”da “she’r mening uchun 1986 yildan boshlab ikkinchi planga o’tdi” deb yozadi. Ma’lumki, bundan oz o’tmay “Birlik” harakati (1988) keyin ”ERK” demokratik partiyasi (1990) qurildi. Muhammad Solih millat vakili bo’ldi. Prezidentlik saylovlarida qatnashdi. Bu siyosiy faoliyatlar, hech shubhasiz, Muhammad Solihning so’ng o’n yillik hayotida buyuk rol o’ynagan voqealardir. Va bu siyosiy hayot uning she’r yozishiga mutlaqo salbiy ta’sir qilgandir. Ammo Muhammad Solihning she’rdan hech qachon voz kechmayajagini bilaman. U 1980 yilda yozgan bir she’rida shunday deydi.

Umring yetmay, birdan yumsang ko’z,

So’z axtar, jannatda yoki do’zaxda

O’sha yaproq uchun aniq so’z axtar.

Muhammad Solihning she’riyati haqida yozganim bu qisqa yozuvga nuqta qo’yarkan, she’rsevar o’quvchilarning bu kitobdagi she’rlarini zavq-la o’qib bo’lib, uning shoiri Muhammad Solihdan boshqa yangi she’rlar kutishga ishonaman. Hammamizning, xususan, Muhammad Solih kabi usta shoirlarning she’r ko’zi aslo yumilmasin!

(Istanbul, 3 mart 1997)

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

This website http://levitra.reviews/faq-levitra.html is designed to improve access to the drug information