SHOIRLARI MADDOH-U SHOIRI XO’RLANGAN YURT

Mirzo Ravshan

Shu yilning noyabr oyida O’zbekiston Oliy sudida shoir — “ERK” Partiyasi raisi Muhammad Solih, o’zlarini O’zbekiston islomiy harakati deb atayotgan tashkilot rahbarlari ustidan o’tkazilgan sud jarayoni tugadi, hukm o’qildi.

Sud jarayoni va hukmi to’g’risida inson huquqlarini himoya qiluvchi xalqaro tashkilotlar, chet el matbuot organlari tomonidan, tan olish kerak-ki, demokratiya doirasida turli-tuman fikrlar, munosabatlar bildirildi, ma’qolalar e’lon qilindi. Ulardan farqli o’laroq O’zbekiston matbuoti sud jarayonini mutlaqo bir yoqlama jazolanuvchilarga qaratgan holda, ravshankim, yuqoridagilarning ko’rsatmasi asosida yoritdi. Aytilgan gaplar, yozilgan maqolalarda insonni kamsitadigan, haqoratlaydigan barcha so’zlar qo’llanildi. Korxona, tashkilot, o’quv yurtlari, mahallalarda “Vatangadolar”, “Xalq dushmanlari“, “Oqpadarlar”, “Mustaqillik dushmanlari” kabi so’zlar bilan boshlangan Sovet zamonini eslatuvchi shiorlar ostida yig’ilishlar o’tkazildi. Ayniqsa, Respublika va viloyat televideniyalari orqali laganbardor jurnalistlar shaharlarda ko’chama — ko’cha sandiraqlab o’tqazgan so’rovlariga, garchi sud jarayoni tugamagan bo’lsa-da, ba’zi laqmalar ularni (sudga tortilganlarni) qamash kerak, deb valdirashlari, xalqqa qayta-qayta namoyish etildi.

Sud jarayoni yakun topdi, hukm o’qildi. Ushbu jarayon atrofida hukumat tomonidan tashkil qilingan kompaniya — o’ziga xos shou, aytilgan gap-so’zlar ham go’yoki to’xtagandek. Ammo Respublika axborot vositalarida aytilmay qolgan so’zlar, bildirilmagan fikrlar ham bor. Ayniqsa, men bilgan shoir — partiya raisi to’g’risida. Ha, o’sha xalq dardini, yurt muammolarini birinchilardan bo’lib ko’tarib chiqqan — o’z dardi deb bilgan, Vatan, milliy g’urur uchun Sovet zamonidayoq kurashga otlangan, ammo ba’zi “xalqparvarlar” tomonidan kamsitilgan, haqoratlangan shoir haqida.

Yo’q, men bu so’zlar bilan unga tasalli bermoqchi, yupatmoqchi emasman, uning temir irodasi, bunday tavozelarga moil emasligini bilaman. Zero u 80 — yillardayoq quyidagi satrlar orqali bunday kamsitishlarga, haqoratlarga tayyor ekanligini aytgan edi.

Men har so’zim uchun kulgi bo’lishga,

Masxara bo’lishga turibman tayyor.

Aytmoqchi bo’lganlarim nima uchun u kurash maydoniga tushdi, nima sababdan Vatandan ketdi, nega sudga tortildi ?!

Aslida u ko’plab maddoh shoir-u – yozuvchilar singari “yurtboshi” atrofida bo’lishi, unga yasama tabassumlar qilishi, hamdu-sano o’qishi va buning evaziga katta — katta mukofotlar olishi, O’zbekiston qahramoni bo’lishi, hattoki Parlamentda kattaroq kursini egallashi ham mumkin edi. Ammo u vijdon amriga zid bormadi, o’zga yo’lni tanladi.

O’sha yillarda

“Bu vatan meniki” desangiz biror

Odam turib demas sizga “bu yolg’on!”

Chunki, haqiqatni aytasiz takror,

Aytib, men singari yig’lamaysiz qon.

deb yozar ekan, bu satrlar hur Vatansiz yashash ortiq mumkin emasligi haqida uning hayqirig’i edi. Zero Orol fojeyasi, bolalar o’limi, dehqonning harob ahvoli, kamqon onalarning so’lg’in chehralari uni befarq qoldirolmas edi. Shunda u Sovet zamoni shoirlarga bergan barcha imtiyozlardan voz kechgan holda

Turdim, sapchib turdim, o’zimga keldim,

Shakkok farzandingni afu et, Vatan,

Go’zal kafanlarni yegnimdan yuldim.

Tushdim, sakrab tushdim, tilla tobutdan!

deb yozar ekan, bu uning kurash maydoniga tushganiga ishora edi. O’sha kundan e’tiboran u xalqimiz mustaqilligi uchun kurash boshladi. Ha, hozirda hukumat tepasida turgan “kattalar” Moskvadagi xo’jayinlari soyasiga qulliq qilib turgan zamonlarda u Respublika muammolarini birinchilardan b’lib, oshkora ko’tarib chiqdi. “Birlik” xalq harakatini tuzishda faollik ko’rsatdi. “ERK” Partiyasini tuzdi. U boshliq mustaqillik deklaratsiyasi Parlament sessiyasi kun tartibiga kiritildi va qabul qilindi. 1991 yilgi xunta tomonidan davlat to’ntarishga bo’lgan urinishni oshkora qoralab chiqqan yagona inson ham o’sha shoir va u boshqargan “ERK” Partiyasi edi.

U orzu qilgan Respublika mustaqilligi ham amalga oshdi. Ammo uning ilk mevalaridan shoir bahramand bo’lolmadi. Chunki mustakqillikni birinchi kunlaridan boshlab shoir kommunistik xukumat tomonidan ta’qib ostiga olindi. Sababi Respublikada xalqning xarob ahvoli, korruptsiya va poraxo’rlik avj olayotganligini “ERK” Partiyasi va uning lideriday dangal aytgan boshqa partiya va inson yo’q edi. Bundan cho’chigan hukumat undan qutilish yo’lini izladi. Uni “davlat to’ntarishni uyushtirish”da aybladi. Qamoqxonaga tashladi. “Tanga o’g’risi”ga chiqardi va nihoyat yurtdan chiqib ketishga majbur qildi. Bu bilan hukumat tinchlanmadi, unga qarshi kompaniyani battar avj oldirdi — 16 fevral voqeyasini o’ylab topdi. Bir ko’rnamak sotqin orqali ushbu voqea asosida “Qashqirlar galasi” nomli kitob chop ettirildi. Uni yanada badnom qilish niyatida noyabr oyida sud jarayoni tashkillatdi. Zero hukumat uchun undan ko;ra kuchliroq muxolif yo’qligi ayon bo’lib qoldi va uning oldini olish zarurati yuzaga chiqdi.

Bunday ko’rgiliklardan shoir tushkunlikka tushgani yo’q, aksincha o’z kurash yo’lini sharaf deb bildi va davom ettirmoqda.

Bir yonda ojiz-u, bir yonda kuchli,

Kurash boshlanarkan tarafma – taraf

Ojizning yonini olganing uchun

“Xoin”deb nom olmoq naqadar sharaf!

Ha, shoirni har qancha haqorotlamasinlar, xo’rlamasinlar o’zi tanlagan yo’ldan qaytmajak, qaytmaydi ham! Axir….

Goho quvonch kirar uyrakka:

Menda axir imkon bor hali

“She’r – sevgi”, deb aldamaslikka

Ozodlikni sevgan insonni !

Bisotimda imkon bor, ahir –

Qalamni sindirish imkoni!

(2000 yil, dekabr)

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *