Terrordan qutulishning yo’li

“Ozodlik”, 07.08.2002
Savol: Qirg’iziston davlat arbobi Ashurqulovning Juma Namongoniy haqidagi chalkash bayonotlariga qanday baho berasiz? Umuman, bu xil bayonotlardan maqsad nima?

— Qirg’iziston davlat arbobining O’zbekiston Islomiy harakati lideri Juma Namongoniy haqidagi bayonotini eshitdik. Bu arbob bir ikki kun so’ngra bu xabarning “unchalik to’g’ri bo’lmaganini” e’tirof etdi.

Bunday bayonotlar 11 sentrabrdan key’n eng ko’p O’zbekistonda udumga aylandi. Antiterror kompanyasining ajralmas qismi bo’ldi. Bunday beqaror bayonnomalar nima maqsadda qilinadi, bularning siri nimada?

Bu bayonotlar Amerikadan iloji boricha ko’proq mablag’ undirish uchun qilinadi. Bu xil bayonotlar odatda “bizning istixborotimiz (razvedka) olgan xabarlarga ko’ra, Juma Namongoniyning qo’shinlari falon mintaqaga yaqinlashmoqda”, deb boshlanadi. Holbuki, bu “qo’shin” deb aytilayotgan guruhda 100 kishi yo bor yo yo’q. Va “bizning mintaqamiz” deb ko’pirtirilayotgan joy bir kichik qishloq, sanab chiqsangiz 6 ta kappada 6 ta oila yashaydi. Bu “bizning istihbarotimiz” deb ulug’langan tashkilotda esa bo’g’zigacha korruptsiyaga botgan eski KGB zobitlari ishlaydi. Ularning dushmanni katta va vahimali ko’rsatib, prezidentdan ko’proq pul undirishdan boshqa dardi yo’q. O’z navbatida, prezident ham dushman obrazini ko’rsatilganidan yana biroz tahlikaliroq tasvirlab, ittifoqdosh Amerikaga yetkazadi. Qarabsizki, 100 kishilik mujohidlar guruhi mintaqalararo xavf statusiga chiqarilib, uni yo’q qilish uchun ajratilgan millionlab dollar rejimlarning dasturxoniga oqa boshlaydi.

Bunday sistemada rejimlar yanada kuchliroq, xalq esa yanada ezgilganroq ahvolga tushib boraveradi, chunki rejimlar faqat siyosiy emas, moddiy tarafdan ham mustahkamlanib boradi. O’rta Osiyoda totalitarizm 11 sentyabrdan keyin ikki misli kuchlandi, desak mubolag’a qilgan bo’lmaymiz.

Holbuki, asl tahlika esa Afg’oniston hududida emas, mamlakat ichkarisidalar. Oilasiga bir parcha non topolmay o’zlarini osayotgan otalarning farzandlari rejim uchun tahlikalidir. Adolatsizlikdan, ishsizlikdan, yo’qsillikdan qayerga qochishni bilmayotgan yuzminglarcha yoshlar rejim uchun eng yaqin tahlikadir.

O’zbekiston Islomiy harakati va Hizbut tahrir shu nochorlik va zulmdan qochgan yoshlar evaziga tashkillandi. Ammo bu guruh saflariga qo’shilgan yoshlar miqdori rejimdan norozilar soni bilan qiyoslanganda, dengizdan tomchidir.

Savol: O’zbekiston Islomiy harakati va Hizbut tahrir partiyasining xalq orasida tarafdor potensiyali qancha sizningcha?

— Islomiy harakatni katta tahlika qilib ko’rsatish dunyo jamoatchiligini aldashdir. Bu harakatning mamlakat ichkarisida sotsial bazasi yo’q. Hizbut tahrir haqida ham shunday desa bo’ladi. Bu guruhlar atrofidagi ajiotaj va shov-shuvlar, yuqorida ko’rsatilganidek, rejim tarafidan qilingan propaganda va bu guruhlarning radikal chaqiriqlari oqibatidir. Bu guruhlar normal sharoitda O’zbekistonda saylov bo’lsa, xalqning yuzda 5 foyiz ovozini ham ololmaydi. Bu guruhlarning xalqqa taqdim qilishga “xalifat davlati” kabi xayolparastlik mahsuli bo’lmish g’oyadan boshqa hech narsasi yo’q. bu guruhlarga ergashib, juda ko,p yoshlarimiz qurbon bo’ldi. Qurbon bo’layapti. Shu nuqtai nazardan qaraganda bu g’oyalarni xalqimiz orasida tarqatib, islom dinini suistimol qilayotganlar ham aynan totalitar rejimning qilayotgan gunohini ishlayapti.

Bizning xalqimiz dindor xalq, ammo u mutaasib emas.

Bizning xalqimiz o’z urf-odatlariga bog’liq xalq, ammo u johil emas.

Turkistonning islomlashganiga 1200 yildan oshdi, lekin shu zamon ichida bu mintaqada diniy mutaasiblik, diniy radikalizm hech qachon rag’bat topmagan va bundan keyin ham topmayajakdir.

Savol: Xo’sh, terrorizmdan qutilish yo’lini siz nimada ko’rasiz?

— Mintaqamiz diniy radikalizmning manbai bo’lgan ateistik totalitarizmdan qancha tez qutilsa shuncha yaxshi. Totalitarizmdan qutulmay turib, terorizmdan qutilib bo’lmaydi. Qutilish yo’li – hur jamiyat va demokratik rejimdir. Hur jamiyat iqlimida radikal oqimlar yashay olmaydi, bu iqlimda ular nafas olomaydi.

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *