VATSLAV HAVEL: «Men Solihning inson huquqlari uchun kurashchi, hamda begunoh ekaniga iqror bo’ldim…»

«Ozodlik» radiosi, 07.12.2001
Zebuniso: Oldin xabar berganimizdek, 6 dekabr kuni «Ozodlik» radiosi muxbirlari bilan uchrashgan Chexiya Prezidenti Vatslav Havel kommunistik rejim davrida aynan bugun Muhammad Solih saqlanayotgan Pankrats qamoqxonasida o’z erkin ideallari uchun jazo muddatini o’tab chiqqan Vatslav Havel Muhammad Solihning Chexiyada qamoqqa olinishi o’z mamalakatining xalqaro obro’siga putur yetkazganini bildirdi.

Yetakchi chex gazeta va telekanallari xabarlari bo’yicha Chexiya jamoatchiligining Muhammad Solih borasidagi munosabati Prezident Havelnikiga uyqash ekani ko’rinib turibdi. Adolat Malik tayorlagan lavhada Prezident Havel va chex jamoatchiligining Muhammad Solihning qamoqqa olininshi hodisasiga munosabati aks etgan.

Adolat Malik: O’zbekiston “ERK” demokratik partiyasi raisi Muhammad Solihning Pragada qamoqqa olingani odatda osoyishta va tinch chex jamiyatini to’lqinlantirib yubordi. Chexiyaliklar Muhammad Solih ishi za’mirida o’zini erkin va demokratik deb atayotgan bu mamlakatning qay darajada demokratiya asoslari va xalqaro qonunlarga amal qilayotganini ko’rish mumkinligidan bahs etmoqdalar. Haqiqatdan ham garchi Chexiya respublikasi Yevropa Ittifoqiga a’zo bo’lishga intilayotgan bo’lsa-da, mamlakatning qator sohalari, shu jumladan, Adliya vazirligi hamon islohotlarni ko’rmagani uning Yevropa Ittifoqi davlatlari qatoriga qo’shilishiga katta to’siq bo’lib turibdi.

Muhammad Solihning Praga aeroportida BMTning Jeneva Konventsiyasi asosida berilgan hujjati bo’lishiga qaramay, qamoqqa olinishi Chexiya politsiyasining xalqaro qonunlarndan yaxshi xabardor emasligini namoyish etmoqda. Mamlakat Prezidenti Vatslav Havelning o’zi ham «Ozod Yeropa-Ozodlik» radiolari muxbirlari bilan uchrashuvi chog’ida Muhammad Solihning qo’lga olinganini «byurokratik xato va islom omilidan qo’rquv» deya baholadi. (Vatslav Havelning ovozi) Prezident Havel Muhammad Solihning totalitar davlatga topshirish mumkin emasligi va u Norvegiyaga qaytariliishi kerakligini ta’kidlab o’tdi. «Ozodlik» muxbirining nima uchun Chexiya Prezidenti shu paytgacha Solih masalasi bo’yicha munosabat bildirmagani haqdagi savolga Vatslav Havel shunday javob berdi: «Men o’z fikrimni bildirishdan oldin barcha ma’lumotlarni o’rganib chiqishim kerak edi. Interpol harakatlarini «bema’ni» deb atashga tilim bormaydi, ammo endi men Solihning inson huquqlari uchun kurashchi, hamda begunoh ekaniga iqror bo’ldim. Men bu fikrlarimni Chexiya Adliya vazirligi va Ichki Ishlar vazirligiga ham bildirdim», dedi dissidentlik faoliyati uchun qamoqda o’tirib chiqqan Chexiya Prezidenti.

Aytish lozimki, Chexiya ommaviy axborot vositalari hamda mamlakatdagi chet tillarda chiqadigan gazetalarda ham Muhammad Solih ishi keng yoritilmoqda. Chexiyadagi o’ng qanot Ijtimoiy Demokratik Partiyaga qarashli «Lubova novini» gazetasida Ichki Ishlar vazirining sobiq o’rinbosari Petrushko Shuhrovaning «Diktator xizmatidami?» nomli maqolasi chop etilgan. Unda muallif Chexiya politsiyasi Praga aeroprtida o’zbek shoiri hamda O’zbekiston demokratik muxolifatining liderini hibsga olganini qayd etadi. Chex respublikasining janob Solihni Toshkentga qaytarish orqali Markaziy Osiyodagi diktatorga jiddiy siyosiy raqibidan xalos bo’lishiga yordam bo’lishi mumkin, degan andisha vatandoshlarimning ko’nglini ranjitaypti, deb yozadi muallif va Chexiya jamoatchiligini bunga yo’l qo’ymaslikka chaqiradi. O’tmishda o’zi Ichki Ishlar vazirligida yuqori lavozimda ishlagan Shuhrova joriy vazir Stanislav Grun Muhammad Solihni ozod qilib, ro’y bergan hodisa uchun undan uzr so’rashi kerakligini ta’kidlaydi.

Ayni paytda markaziy partiyalarga qarashli «Nota Fronte-nevs» gazetisida chop etilgan bir maqolada «Muhtojlikdagi odamlar» nomli nodavlat tashkiloti vakili Tomash Boyarning Muhammad Solih masalasi bo’yicha fikrlari o’rin olgan. Muallif O’zbekistonning xalqaro aksilterror harakatlarida hamkorlik qilayotgani maqtovga sazovor ekanini qayd etish bilan birga, keyingi o’n yil ichida O’zbekiston xalqi tamomila mamlakat Prezidentining xizmatkoriga aylanib qolganini ta’kidlaydi. O’zbekiston bilan munosabtlarni rivojlantirishni istagan davlatlar o’zlarining dunyodagi eng qattiqqo’l hukumat bilan aloqa qilayotganini doimo inobatga olishlari kerakligini urg’ulaydi. Maqola muallifi Muhammad Solih masalasi demokratik dunyoning qanday hodisalar ro’y berishiga yo’l qo’yishi mumkinligini ko’rsatayotgani, hamda terroizmga qarshi kurash niqobi ostidagi harakatlar asoratlari Pragada ham sezila boshlanganini ko’rsatadi.

Muhammad Solih masalasi bo’yicha fikr bildirgan chexiyalik ziyolilardan biri mamlakt prezidenti aytganlariga qo’shilishini ma’lum qiladi. «Men Prezident Havelning Solih masalasida byurokratik xatoga yo’l qo’yilgani haqdagi fikriga qo’shilaman, chunki, bu odam mamlakatimizga BMT hujjati bilan keldi. Men doimo mamlakatimizni demokratik davlat deb hisoblaganman, biroq Muhammad Solih bilan yuz bergan hodisa buning aksini ko’rsatayapti, dedi Vasko ismli pragalik. Uning fikricha, muammoni imkon qadar tezroq hal qilish orqali Chexiya o’zining haqiqatan ham demokratik davlat ekanini namoyish etishi mumkin.

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *