XOTIRJAMLIK GAROVİ YOKİ MUDHİSH REJA

Olloyor HAQBERDİYEV

Muhammad Solih O’zbekiston hukumati tomonidan o’ziga suiqasd uyushtirishga urunish bo’lgani haqida bayonot berganidan keyin I. Karimov tarafdorlaridan bir kishi (aniqrog’i uch kishi) BBC va “Ozodlik” radiolari orqali bu masalaga munosabat bildirdilar.

O’zbekiston hukumatining matbuot kotibi Rustam Jumaev O’zbekiston rasmiylari nomidan suiqasddan omon qolgan Muhammad Solihga qarshi ochiqdan-ochiq haqorat toshlari otgan bo’lsa, qolgan ikkitasi tinglovchilarni ishontirish maqsadida betaraf, xolis odam rolini o’ynashga harakat qildi.

Siyosiy munozara madaniyati tarixidan shu narsani kuzatish mumkin-ki, munofiq siyosatchi o’zi himoya qilayotgan shaxsning mudhish kirdikorlari fosh bo’lishi arafasida psixologik jihatdan shallaqi ko’ppak holatiga tushadi. Siyosiy munozara madaniyatini, etikasini unutib, og’zidan ko’pik sochib, mantiqsiz fikrlar aytishdan, haqoratlar yog’dirishdan o’zini tiya olmay qoladi.

Suiqasd voqeasiga munosabat bildirar ekan, Rustam Jumaev xuddi ana shunday holatga tushdi. Hatto Muhammad Solihni “siyosiy murdaga aylangan odam” deyishdan ham toymadi.

Aslida, mazkur haqoratli ibora Karimov rejimi o’z qo’g’irchog’iga aylantirib ulgurgan siyosiy partiyalarga munosib ekani har bir sog’lom fikr sohibiga kunday ravshan. “ERK” Demokratik partiyasi va uning lideri Muhammad Solih Karimov rejimining asosiy demokratik muxolifidir. Ushbu mudhish reja zamirida ana shu haqiqatni Karimov rejimi tomonida pinhona tan olinishi yotadi. Mudhish reja fosh etilgani bilan pinhonalik — oshkoralikka, Karimov rejimining bu haqiqatni tan olish ohangidagi oshkora chinqirig’iga aylandi. Bugun bu sharmandali chinqiriqni butun dunyo eshitib, ko’rib turibdi. Sarosimaga tushgan Rustam Jumaev esa mavjud dalillarni, magnit lentalari, fotosuratlar va video kassetalarni soxta dalillar deb aytadi.

Xalqimizda ”har kim o’z qarichi bilan” degan naql bor. Jumaev Karimov rejimining o’nb’r yillik boy tajribasidan kelib chiqib aytdi bu so’zni. O’zi bilmagan holda u Karimov rejimi begunoh insonlarni soxta dalillar asosida jazoga tortayotganini, shu jumladan ”16 fevral voqealari” asosida ishlangan videofilm ham soxta ekanini oshkor etib qo’ydi.

R. Jumaev zamonaviy texnika yordamida bunday soxta dalillarni yosh bola ham montaj qila olishi mumkinligini urg’ular ekan, xuddi ana shu zamonaviy texnika yordamida bu dalillarning haqiqiymi yoki soxta ekanini ham birzumda aniqlash mumkinligini, bugungi kunda bu dalillarning haqiqiyligini e’tirof etayotgan Norvegiya hukumatining odamlari bu qaltis vaziyatda Muhammad Solihning xavfsizligini ta’minlash jarayonida suiqasdga urinish voqeasining borishini bevosita kuzatdilar, ya’ni, bevosita bu voqeaning guvohi bo’ldilar. Shu sababli Norvegiya matbuoti ham Karimov kirdikorlarini dadil yozmoqda.

Betga choparlik niqobi ostida xalqaro efirga chiqqan Karimov rejimining ikkinchi himoyachisi (ismini yaxshi eshitolmaganim uchun yozmadim) o’ziga topshirilgan betaraflik rolini eplay olmadi. O’zining ”betararf”ligini unutib, ERK partiyasining sha’niga haqoratomuz fikrlar ayta boshladi. ERKni ”cho’kayotgan partiya” deb atashgacha borib yetdi. Bu ibora o’zining mazmuni va mohiyat e’tibori bilan to’laligicha Karimov rejimiga taalluqlidir. Fikrimning zamini uchun lozim bo’lsa, minglab misollar keltirishim mumkin. Misol izlab uzoqqa borishning ham hojati yo’q. Bugun I. Karimovni butun dunyoga sharmanda etgan ushbu suiqasd uyushtirishga urunish voqeasining o’zi ham qaysi tomon cho’kayotganini ko’rsatuvchi yaqqol dalildir. Karimov rejimi ishonch bildirgan Bahrom Mo’minoxunov – cho’kayotgan qo’rquv saltanatining dahshatli panjalari orasidan qutulish uchun najot izlayotgan minglab Karimov ”yaqin”larining yorqin timsolidir.

Karimov rahbarligida o’tadigan har bir majlis bir spektakl. Bu spektaklda barcha majlis ishtirokchilari O’zbekiston taraqqiyotiga to’siq bo’layotgan byurokratlar, poraxo’rlar, ta’magirlar, lapashanglar va hakozo shunga o’xshahshlar rolini o’ynaganlari kabi, Karimov esa, yurtning porloq kelajagi yo’lida ularga qarshi kurashayotgan milliy qahramon rolini o’ynashi kerak.

E’tirof etish lozim, Karimov bu spektakllarda o’z rolini katta mahorat bilan, maromiga etkazib ijro etadi va boshqalardan ham shunday artistlik mahoratini talab qiladi. Bu spektaklda rol o’ynashni istamaganlar qamaladi. Ijrochilik mahorati zaiflar esa, ishdan ketadi. Bugungi kunga kelib, ana shunday artistlik qilishlar, mudhish ishlarga da’vat etishlar sassiq alafdek Karimov yaqinlarining ko’ngliga tekkan.

G’irrom yo’l bilan prezidentlik muddatini uzaytirgan va o’sha onlarda: «Ushbu muddatim uzaytirilishi qonuniy bo’lishi uchun, bu uzaytirilgan muddatni mening ikkinchi, ja’ni, qonunga ko’ra oxirgi marta saylanishim bo’ldi deb hisoblanglar» deya dabdabali holda e’lon qilgan Karimoff…, Oo’ff!..

Shu dabdabali gaplaridan keyin, yana navbatdagi saylov arafasida qonli voqealar uyushtirib, munofiqlik, g’irromlik va bezbetlik bilan uchunchi marta saylanishdan or qilmagan Karimofff… endilikda umrbod prezident bo’lish umidida yana ko’plab begunoh odamlarning hayotiga zomin bo’ladigan qonli voqealarni uyushtirmasligiga kim kafolat beradi?

Dahshat!… Dahshat ketidan dahshat!… Bu dahshatlarni o’ylab, hozirdanoq boshimga zirqirab og’riq turdi. Karimov bu bosh nima uchun og’riganini aniqlasa, tamom, qamalishing aniq! Nima keragi bor buning? Nima foydasi bor buning?

Muhammad Solih kabi odamlarning iddaolariga bir fitna deb qarasang, ular keltirgan dalillar qanchalik haqqoniy bo’lmasin, ko’zingni chirt yumib, Bek Normuhammadning aytganiday, baribir ishonmasang, bu dahshatlarning hammasidan biryo’la qutulasan. Ishonmaslik xotirjamlik garovidir.

Mana, boshdagi og’riq ham ketdi. Hayriyat, hayot yana bir maromda davom etadigan bo’ldi. Hayot osuda, hayot go’zal. Xotirjamlikka nima yetsin.

Bu toifadagi odamlarning falsafasi mana shunday. Sovetlar mafkurasining yetmish yillik iskanjasida karaxtlangan bu begunohlarni Karimov rejimi falajladi. Lekin Karimovning ayovsiz zulm, o’ta qashshoqlantiruvchi siyosati oqibatida O’zbekiston aholisining bu qatlami ham adolat uchun kurashilmagan makonda chinakam tinchlik, chinakam xotirjamlik, chinakam faravonlik bo’lishi mumkin emasligini o’z vujudlarida tabora ko’proq his etib bormoqdalar. Karimovning ushbu suiqasdga urinishi bu qatlamni ham, bir oz bo’lsin, seskantirdi. Vujudda bir seskanish bo’ldimi, bas, bu yaqin kelajakda uning uyg’onishi, karaxtlikdan, falajlikdan xolos bo’lishi alomatidir. Biz xalqimizning bir bo’lagi bo’lgan bu qatlamga ham Ollohdan hidoyat tilaymiz. Zotan, bizning bu qatlamdan ham umidimiz bor.

Endilikda Islom Karimov o’z rejimini tarix axlatxonasiga supurish arafasida turganligidan; qo’li begunoh odamlarning qoniga botganligi uchun javob berish talab etiladigan kunlar tobora yaqinlashib kelayotganidan dahshatga, talavasaga tushmoqda. Ushbu suiqasdga urunish voqeasi ham ana shu yuz talvasaning bir ko’rinishidir. Prezidentlik kursisi uning uchun hayot-mamot masalasiga aylangani sababi ham ana shunda.

Lekin bu amal kursisi Karimov va uning yalovbardorlarini muqarrar jazodan butkul qutqara olmaydi. Nari borsa, uni bir muncha orqaga surishi mumkin, xolos. Qolaversa, uni istiqbolda yana ham dahshatliroq jazo — oxirat azoblari kutib turibdi.

Betaraf va xolis siyosatchilar nomidan voqeaga munosabat bildirganlardan yana biri Abdumannop Po’latov bo’ldi. Avvaliga u betaraflik rolini ancha durust ijro etdi. Voqea sodir bo’lgan joydan ancha uzoq masofada ekanligi, tafsilotlarni yaxshi bilmagani uchun biron fikr aytish qiyinligi, shuningdek, nutq ohangi orqali ishonarli ifoda eta oldi u o’z «xolis»ligini, «betaraf»ligini. Lekin o’zining yakuniy xulosalarini aytishga kelganda, u Karimovga yon bosish maqsadida muxolif sha’niga yarashmaydigan darajada o’zini soddalikka, go’llikka soldi. U Karimovning tashqi siyosat yuritish bobidagi mahoratiga hamdu-sanolar aytgach, bunday suiqasd uyushtirishga urunish O’zbekiston hukumatining manfaatiga zid ekanini, ayniqsa, bu ishga Interpolning milliy bo’limi aralashtirilgani haqidagi fikrlar mantiqsiz ekani, xulas, Muhammad Solihning ushbu bayonotiga shubha bilan qarashini ma’lum qildi.

Bir vaqtlar Boleslav Berutning ish stoli tortmasidan topilgan «Mutlaqo maxfiy» ostidagi Stalin ko’rsatmalari bitilgan hujjat matnining mazmuni P’olatovga yaxshi ma’lum. O’sha hujjat bandlarining birida shunday mazmundagi jumlalar bor: «Mahalliy xalq orasida yetishib chiqqan, ommaga ta’sir o’tkazish, ergashtirish qobliliyatiga ega bo’lgan e’tiborli shaxslarni pul yoki amal bilan sotib olish kerak. Sotilmaydiganlarini qamash yoki yurtdan surgun qilish zarur. Bu tadbirlar ham kutilgan natijani bermasa, unday odamni jismonan yo’q qilish tadbirlarini ko’rmoq lozim bo’ladi». Karimov rejimi xuddi ana shunday yo’l tutayotganidan, nahotki, bu «muxolif» bexabar bo’lsa? Bu fikrni isbot etuvchi bir necha yuzlab dalillar «inson huquqlari himoaychisi» Po’latovning ham qo’lidan o’tmaganmi axir? Shunday ekan, biz «huquq himoyachisi»ning: «O’zbekiston hukumati bu suiqasddan qanday manfaat ko’rishi mumkin?» deya o’zini go’llikka solishi odamni ajablantiradi va «Abdumannopning o’zi bu «sodda» advokatlikdan qanday manfaat ko’rishi mumkin?» degan savol tug’iladi.

O’zbekiston hukumati suiqasd uyushtirishga urungani haqida Muhammad Solih tomonidan bayonot berilganiga 10 kundan ortiq vaqt o’tganiga qaramay, «Ozodlik» radiosi o’zbek sho’basi bunday «qo’rqinchli gap»larni efirga uzatishdan qo’rqdimi, har qalay, shoshlimaslikni, hozircha bu borada O’zbekiston hukumatining manfaatlarini himoya qiladigan eshittirishlarni berish bilan cheklanishni afzal ko’rdi. Nihoyat, «Svoboda» radiosi suiqasd yushtirilaganini fosh qiluvchi bir qator dalillarni efirga uzatganidan keyin, bu radioning o’zbek sh’obasi ham harakatga tushishga majbur bo’ldi.

17,18 19 may kunlari «Ozodlik» radiosidan ushbu radio xodimi Bek Normuhammad bilan suiqasd harakatiga asosiy guvohlik berayotgan Bahrom Mo’minoxunov suhbati eshittirildi. Suhbat asnosida suiqasd harakatini fosh etuvchi dalil sifatida magnit tasmasiga tushirilgan ba’zi suhbatlar ham (masalan, O’zbekiston Interpoli boshlig’i Mahmud Hayitovning telefon orqali aytgan suiqasdga oid gaplari) efirga uzatildi.

Suhbat nihoyasida radio muxbiri xotima o’rnida shunday xulosa qildi: «Bu hodisaga ishonging kelmaydi, chunki, bunga ishonishning o’zi dahshat». Haqiqatdan ham, bu voqeaga ishonishning o’zi dashat. Tagdor va o’ta mazmunli ifoda. Lekin ayni paytda bu mazmunli ifodaning ikkinchi tomoni ham bor. Bu ifoda ayni paytda O’zbekistonimizdagi «nima bo’lsa-bo’lsin, ammo tinchlik, xotirjamlik bo’lsin», deb, o’z xotirjamligini hamma narsadan, hatto iymonidan ham ustun qo’yadigan odamlarning ham ayni ko’nglidagi gapdir. O’zbekistonda bunday toifadagi odamlar katta qatlamni tashkil etadi. Ularning fikrlash tarzi quyidagiday: «Ishonishning o’zi dahshatli bo’lganidan keyin ishonishning nima keragi bor, qo’y, boshni og’ritma, ishonmaslik kerak. Ana shunda tinch, xotirjam bo’lasan».

Tasavvur qiling, Bahrom Mo’minoxunov keltirgan dalillarga ishonishga to’g’ri kelib qoldi. Natija nima bo’adi? Natijada, dahshat ketidan dahshat chiqib kelaveradi. Natijada, Karimov prezidentlikka halol yo’l bilan saylanmagani haqdagi haqiqiat oshkor bo’lib qoladi.

Natijada, «16 fevral portlashlarida Karimovning qo’li bor», degan shubhalar ham… u-u-u qanday dahshat!

Natijada, 1990 yilda Parkentning tinch aholisiga, 1992 yilda esa, qurolsiz talabalrga qarshi o’q uzishga buyruq bergan ham Karimovnig o’zi degan, taxminlar ham o’z tasdigini topa boshlaydi… Xullas, «xotirjamlik» buziladi, shuning uchun ham hukumat «xotirjamlik garovi» bo’lgan yolg’onni, «ishonish qo’rquvi»ni doim yangi yolgon va qo’rquvlar bilan oziqlantirib turadi. Uning hayot manbai, «xotirjamlik manbai» odamlar qalbidagi mana shu qo’rquvdadir.

(12-26.05.2001)

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *