Yangi dushman kim?

AQShning O’rta Osiyodan mas’ul harbiy rahbari general Tommy Franks Afg’onistondagi O’zbekiston İslomiy Harakati o’z liderini yo’qotdi deganiga ham ancha vaqt bo’ldi. Bu xabar tog’riga o’xshaydi, chunki shuncha vaqt ichida buni inkor qiladigan birorta xabar chiqmadi.

Agar bu to’gri bo’lsa, O’zbekistondagi rejimning asos dushmani endi kim, degan haqli savol tug’iladi. Bu savol O’zbekistondagi mavjud tuzumni bilgan har bir odamning xayoliga kelishi tabiiydir. Chunki, Islom Karimov 13 yildan beri hokimiyatda ekan, biror marta ham «dushmansiz» yashagani yo’q. Har yil albatta bir «dushmanni» ixtiro qildi, uni dunyo afkor ommasi oldida «fosh qildi» va mahkamaga chiqarib, uzun muddatli qamoq jazolariga mahkum etdi.

Ma’lumki, bu dushmanlarning eng tahlikalisi Islomiy guruhlar bo’ldi.

Bu islomiy dushmanni o’ylab chiqargan paytda bu dushman yo’q edi. Yani «islom fundamentalizmi» O’zbekistonda hech yo’q edi. Yo’q bo’lgani uchun ham o’ylab chiqarildi-da. Masalan, 1990 yilda O’zbekistonda shunday «fundamentalizm» bor edi deb kim ayta oladi?

U paytlar «funadamenyalizm» kalimasini nima ekanligini bilmasdi odamlar. Ammo Hukumat islomiy fundamentalizmni uydirib, musulmonlarga qarshi terrorni oshirgan sari, norozi islomiy guruhlar ko’paya bordi va nihoyat, «Islomiy harakat» degan guruh paydo bo’ldi. Unga qarshi kurash bahonasida qancha-qancha begunoh insonlar qirilib ketganini ko’rdik. Bugun ham qancha-qancha yoshlar faqat namoz qilgani uchun qamalib ketyaptilar.

Xo’sh, endi Afg’onistondagi tahlikani G’arbning yordami bilan yo’q qilishga erishgan O’zbekiston hukumati qaysi dushmanga qarshi kurashadi?

Yoki dushman obrazidan voz kechadimi? O’z xalqiga erkinlik beradimi?

Bizningcha, bu rejimning dushman obrazidan voz kechishi qiyin.

Chunki uning muxolifat va o’zga fikrlilarni nazorat qilishi uchun, ularga tazyiqni davom ettirish uchun eng oz bitta, bazan hatto ikkita dushman obraziga ehtiyoji bor. Hukumatning bugun «Xizbutatahrir» qo’rqusini xalqqa eslatib, begunoh yoshlarni qamoqqa tashlab turishi, «Xizbut-tahrir»ning vitrinadagi 1 nomerli dushman sifatida belgilanganini ko’rsatmoqda. Lekin hukumatining vitrinaga qo’ymagan asl dushmani «ERK» Partiyasidir. Bu tashkilotni hukumat doim o’ziga eng katta tahlika hisoblagan. Shuning uchun ham yillar davomida bu tashkilotni obro’sizlantirishga va sindirishga urinib kelmoqda.

Bu partiyaga qarshi kurash faqat qamoq va qiynoqlar emas, balki kundalik tazyiq va ta’qiblar bilan ham davom etmoqda. Masalan, shu kunlarda Toshkentda «ERK» a’zolariga hatto choyxonada ham to’planish man’ qilingan. Hatto bir do’stinikiga beshta «erk»chi to’plansa, bu ham jinoyat hisoblanmoqda. «ERK»dan boshqa hamma tashkilotlar Toshkentda va viloyatlarda to’planishmoqda, majlislarini o’tkazmoqda. Ayniqsa, «Birlik» partiyasini Prezident Karimovning rasmiy ro’yxatga olishga va’da bergani e’lon qilingandan so’ng «ERK» Partiyasiga tazyiqlar yanada ortdi.

Haqiqatan, «ERK» vitrinada bo’lmasa ham, rejimning 1 nomerli dushmani statusiga olib kelinganga o’xshaydi. Ya’ni hukumatning loyiq ko’rgan asl martabasiga yuksaltirildi. «ERK» partiyasining xalq ichidagi obro’si hukumatni unga asos tahlika sifatida qarashga majbur etmoqda.

Shunday ekan, o’zbek hukumati Islomiy harakatdan keyin o’ziga yangi dushman yaratadimi, agar yaratsa, u kim bo’lishi mumkin, degan savolga javob shu: Ha, o’zbek hukumati Islomiy harakatdan keyin yangi dushman yaratdi, bu ham uning eski dushmani, ya’ni «ERK» Partiyasi.

Aslida esa O’zbekistonda paydo bo’lgan va paydo bo’lishi mumkin bo’lgan har qanday radikalizmning ildizi hukumatning xalqqa qarshi olib boryayotgan repressiv siyosatidadir.

Butun tahlikalarni yaratayotgan rejimning o’zidir. Demak rejimnning eng xavfli dushmani — uning o’zidir.

(08.07.2002)

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *